2021 yilgi soliq siyosatining asosiy yo‘nalishlarida QQS (15 foiz), foyda solig‘i (15 foiz, alohida toifalar uchun 20 foiz), jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i (12 foiz), yuridik shaxslardan olinadigan mol-mulk solig‘i (2 foiz), qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar uchun yer solig‘i (0,95 foiz), ijtimoiy soliq (xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar - 12 foiz va budjet tashkilotlari - 25 foiz), aylanmadan olinadigan soliq (bazaviy stavka 4 foiz) stavkalarini saqlab qolinishi nazarda tutiladi.
Shu bilan birga, 2021 yilgi soliq siyosati Soliq kodeksining to‘g‘ridan to‘g‘ri amal qilishini, eksport qiluvchilarni yanada qo‘llab-quvvatlashni, soliq yukining adolatli taqsimlanishini va tabiiy resurslaridan samarali foydalanilishi oshirilishini ta'minlashni nazarda tutuvchi soliq islohotlarini davom ettirishga qaratilgan.
Qonun loyihasida Soliq kodeksi tarkibiga aksiz solig‘i, yer solig‘i, suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq va qat'iy belgilangan miqdordagi jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ining stavkalarini, shuningdek, ushbu stavkalarni qo‘llash bilan bog‘liq ayrim normalar kiritilishi nazarda tutilgan. 2020 yil uchun ushbu stavkalar O‘zbekiston Respublikasining «2020 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida»gi qonuni bilan belgilangan edi.
2021 yil uchun ushbu stavkalar quyidagi tarzda o‘zgartirildi:
a) aksiz solig‘i bo‘yicha import va ishlab chiqarish uchun aksiz solig‘i aksariyat stavkalarini tenglashtirish nazarda tutiladi. Shu bilan birga, mutlaq miqdorda belgilangan aksiz solig‘i stavkalari indeksatsiya qilingan
(2020 yil 1 apreldan ularning nazarda tutilgan indeksatsiyasini bekor qilinganini hisobga olgan holda).
Shu munosabat bilan, aksiz solig‘i stavkalari 2021 yil 1 fevraldan boshlab indeksatsiya qilinmoqda. Bunda, alkogolli mahsulotlar, shu jumladan pivoga, shuningdek, tamaki mahsulotlari uchun 2 bosqichda: 2021 yil 1 fevraldan boshlab - 2020 yilda ularni indeksatsiya qilinishi rad etilganligini hisobga olgan holda, hamda 2021 yil 1 sentyabrdan - o‘rtacha 7,5 foizga indeksatsiya qilinmoqda.
Import bo‘yicha 73ta tovar pozitsiyasiga aksiz solig‘ini bekor qilish taklif etilmoqda, xususan, oziq-ovqat mahsulotlari (20 turdagi tovarlar (sharbatlar, pishloq, tvorog, margarin, unli qandolat mahsulotlari, kolbasa va shunga o‘xshash go‘sht mahsulotlari va h.k.)), elektrotexnika tovarlari bo‘yicha (35 turdagi tovarlar (muzlatgichlar, televizorlar, gaz plitalari, changyutgichlar, kir yuvish mashinalari va h.k.)) va h.k. Bu tadbirkorlik sub'yektlariga teng sharoitlarni ta'minlashga imkon beradi.















