Jahon | 13:34 / 02.12.2020
5426
2 daqiqa o‘qiladi

Buyuk Britaniya keyingi haftadan koronavirusga qarshi ommaviy emlashni boshlaydi

Buyuk Britaniya koronavirus vaksinasi bilan emlashni boshlayotgan birinchi davlat bo‘lishi kutilmoqda.

REUTERS/Dado Ruvic/File Photo

Buyuk Britaniya dori vositalari va sog‘liqni saqlash mahsulotlarini tartibga solish agentligiga ko‘ra, samaradorligi 95 foiz deb baholangan koronavirusga qarshi Pfizer/BioNTech vaksinasi bilan ommaviy emlash keyingi haftadan boshlanadi, deb yozmoqda BBC.

Davlat 20 mln kishini emlashga yetadigan 40 mln doza vaksinaga allaqachon buyurtma bergan. 10 mln dozadagi vaksina tez orada tayyor bo‘lishi va yaqin kunlarda dastlab 800 ming kishini emlash boshlanishi aytilmoqda.

Buyuk Britaniya milliy tibbiyot xizmati bosh ijrochi direktori Saymon Stivensning aytishicha, mamlakat hozir tarixdagi eng keng ko‘lamli immunizatsiya ishlariga tayyorgarlik ko‘rmoqda.

Hozirda taxminan 50ta kasalxona, ijtimoiy obektlar, xususan, konferensiya zallari emlash markazlari sifatida tayyorlanyapti.

Ekspertlar tuzgan ro‘yxatga ko‘ra, vaksinani birinchi o‘rinda yuqori xavf guruhidagi kishilar oladi: ular g‘amxo‘rlik ko‘rsatish markazlari xodimlari, tibbiyot va boshqa ijtimoiy soha xodimlari, shuningdek, 80 yoshdan oshgan kishilar hisoblanadi. Ularni emlash imkon boricha keyingi haftadan boshlanadi. 50 yoshdan oshganlar, koronavirus bilan oldin kasallanganlar esa 2021 yildan vaksinaning kattaroq zaxirasi yaratilishi bilanoq emlanadi.

Garchi immunizatsiya ishlari boshlansa ham, odamlar hushyor bo‘lishi va karantin qoidalariga rioya qilishlari lozimligi aytilmoqda. Bu degani ijtimoiy masofa saqlash, niqobda bo‘lish, virusga test olish va koronavirus aniqlanganlar o‘zlarini izolyatsiya qilishi tadbirlari davom etadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQShda koronavirusga qarshi ommaviy emlash 11 dekabrdan boshlanishi aytilgandi.

Зилола Ғайбуллаева
Tayyorlagan Зилола Ғайбуллаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid