O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov so‘z erkinligi va OAVni rivojlantirish jarayonlari mavzusidagi davra suhbatida O‘zbekistonda so‘nggi 3-4 yilda amalga oshirilgan demokratik islohotlarga to‘xtaldi.
«Sizning e'tiboringizni xalqaro sheriklar bilan muloqotimiz mazmunining muhim jihatlaridan biriga qaratmoqchiman. Bu davlat xavfsizligi va inson huquqlari o‘rtasidagi nisbat hamda ularning o‘zaro bog‘liqligi masalasidir.
Hammaga ma'lumki, ko‘p yillar davomida O‘zbekiston go‘yoki milliy xavfsizlikni ta'minlashni ro‘kach qilib, asosiy inson huquqlari va erkinliklarini buzayotgani uchun tanqid qilib kelingan. Bu oddiy muammo emas. Va demokratik rivojlanish darajasidan qat'i nazar ko‘p mamlakatlar uchun dolzarbdir.
O‘zbekistonga to‘xtaladigan bo‘lsak, so‘nggi 3-4 yil ichida amalga oshirilayotgan demokratik islohotlar va fuqarolik jamiyatini mustahkamlash jarayonida ushbu muammoni bartaraf etish uchun juda ko‘p ishlar qilindi. Albatta, inson huquq va erkinliklari har qanday sharoitda ham himoya ostida bo‘lmog‘i lozim.
O‘zbekiston rahbariyati tomonidan davlat hokimiyatini demokratlashtirish, xalq va ommaviy vositalari tomonidan to‘g‘ridan to‘g‘ri va shaffof muloqotni yo‘lga qo‘yish, ularning fuqarolik va jamoatchilik faolligini qo‘llab-quvvatlash borasida ortga qaytmaydigan yo‘lda bormoqda. Biz inson huquqlariga oid har qanday nozik masalalarni milliy va global darajada muhokama qilmoqdamiz», deya Abdulaziz Komilovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.
Vazir davlatning inson huquqlarining buzilishi va jamoat xavfsizligini ta'minlash jarayonida fuqarolarning erkinliklarini cheklashga bo‘lgan munosabati so‘nggi yillarda keskin o‘zgarganini aytib o‘tdi.
«Davlatning inson huquqlarining buzilishi va jamoat xavfsizligini ta'minlash jarayonida fuqarolarning erkinliklarini cheklashga bo‘lgan munosabati keskin o‘zgardi. Hattoki, adashgan vatandoshlarimizni amnistiya qilish, ularni farzandlari bilan Yaqin Sharqdagi nizoli hududlardan qaytarish, ularga ijtimoiy moslashishda va hayotda o‘z o‘rnini topishda yordam berish bo‘yicha O‘zbekiston hukumati tomonidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar bugun dalildir.
2019 yilda ikkita ana shunday gumanitar missiya amalga oshirildi. 200dan ziyod ayollar va bolalar vatanga qaytib keldilar. Bu yil ham Suriyadan fuqarolarni olib chiqish uchun shunday tadbir tayyorlanmoqda. O‘zbekistonda xalq manfaatlari hamma narsadan ustundir. Bu tamoyil prezident Shavkat Miromonovich Mirziyoyev aniq ta'kidlaganidek, har qanday sharoitda, shu jumladan, favqulodda vaziyatlarda ham qat'iy amal qiladi.









