Jahon | 14:13 / 03.12.2020
5810
2 daqiqa o‘qiladi

OAVda Yaponiya sobiq bosh vazirining qonunbuzarligi haqida ma'lumot paydo bo‘ldi

Yaqin o‘tmishning muhim siyosiy figuralaridan biri Sindzo Abe o‘z tarafdorlari uchun uyushtirgan bazmlari uchun so‘roq qilinishi mumkin. Prokuratura bazm uchun qilingan chiqim mehmonlardan yig‘ilgan yig‘imdan ortib ketgan degan gumonda.

Foto: Franck Robichon / Getty Images

Tokio prokuraturasi sobiq bosh vazir Sindzo Abening liberal-demokratik partiyasi a'zolari uchun 2015-2019 yillar oralig‘ida uyushtirilgan bazmlari hisoboti yuzasidan so‘roq qilmoqchi. Bu haqda Kyodo axborot agentligi xabar berdi.

Agentlik xabariga ko‘ra, sobiq bosh vazirga chaqiruv qog‘ozi jo‘natilgan. NHK telekanali Abeni so‘roq qilish kelayotgan shanba kunidan keyin bo‘lishi kutilayotganini ma'lum qilgan.

Sindzo Abening kotiblaridan biriga qarshi ish qo‘zg‘atilgan. U Abening tarafdorlari uchun uyushtirilgan bazmlarga ketgan xarajatlarni yashirishda gumon qilinmoqda. Buni saylov qonunchiligiga zid deb topishlari mumkin. Gumon qilinayotgan kotib tadbirlarni tashkil qiluvchi guruhga rahbarlik qilgan.

Bazmga kirish kishi boshiga 5 ming iyena (taxminan 46 AQSh dollari) qilib belgilangan. Biroq bazmlar uyushtirilgan mehmonxonalar yuqori klassga oid bo‘lgan va kishi boshiga to‘lovlar odatga ko‘ra ancha baland, deb yozadi The Japan Times. 2015 yildan beri uyushtirilgan bazmlarga 191 ming dollardan ortiqroq mablag‘ sarflangan. Prokuraturaning fikricha, bu summa mehmonlardan yig‘ilgan pullardan ancha ko‘p. Mehmonlarning aksari Abe tug‘ilib o‘sgan Yamaguti prefekturasidagi saylov uchastkalaridan bo‘lgan. 2019 yilning noyabrida muxolif partiyalar bazmlarga sarflangan va mehmonlardan yig‘ilgan summa orasida farq borligini iddao qilishgandi.

Eslatib o‘tamiz, Sindzo Abe shu yilning avgustida iste'foga chiqqandi. U hukumat boshqaruviga ilk bor 2006 yil kelgan, 2007 yil vazirlariga bildirilgan ishonch tushib ketgani uchun amaldan ketgandi. Davlat boshqaruviga ikkinchi bor 2012 yil kelgan Abe, Yaponiyani bu safar 7 yildan ortiq boshqardi. Ikkinchi iste'fosini u salomatligidagi muammolar bilan izohlagandi. Sindzo Abe hukumat boshqaruvida rekord darajada uzoq ishlagan.  

Mavzuga oid