O‘zbekistonda so‘nggi ikki kunda 2ta madaniy meros obekti bilan bog‘liq noxush xabarlar jamoatchilikda e'tirozlarni keltirib chiqardi.
Ma'lum bo‘lishicha, Xiva shahridagi Tosh hovli saroyining devori xususiy korxona tomonidan buzilgan. YuNeSKO ro‘yxatidagi saroyda o‘tkazilayotgan ta'mirlash ishlari uchun Madaniy meros departamentidan ruxsat olinmagan.
Boshqa bir holatda esa Markaziy Osiyoda antik davrning eng qadimiy yodgorliklaridan biri – Surxondaryo viloyatidagi Kampirtepa qal'asi devori qulab tushdi. Madaniy meros departamenti devor qulashiga kuchli yomg‘ir sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini bildirdi. Akademik Edvard Rtveladze esa bu qasddan qilinganiga ishonmoqda.
Har ikkala holat bo‘yicha prokuratura tekshiruv o‘tkazishi kutilyapti.
Tosh hovli: Bir yil oldin derazasiga «Akfa» o‘rnatilgan tarixiy saroy endi devorining bir qismidan ayrildi
Madaniyat vazirligining Madaniy meros departamenti ma'lumotiga ko‘ra, Tosh hovli saroyi 1832–38 yillarda qurilgan bo‘lib, 1997 yilda – Xiva shahrining 2500 yilligi munosabati bilan qisman ta'mirlangan. Ta'mirni «Xorazm maxsus ilmiy ta'mirlash ishlab chiqarish» ustaxonasi olib borgan.
Aniqlanishicha, saroyning sharqiy tomonidagi devor qismi buzilishiga sabab – buyurtmachi tashkilot «Ichan-Qal'a» davlat muzey-qo‘riqxonasi bo‘lib, «Surgut neft stroy» pudratchi xususiy korxonasi tomonidan joriy yilning 8 dekabr kuni devor tepa qismi buzilgan.
«Ichan-Qal'a» davlat muzey-qo‘riqxonasida har qanday ta'mirlash-tiklash ishlari Departament qoshidagi Ilmiy-ekspert kengashi xulosasi asosida bajarilishi va YuNESKO bilan kelishish zarurligi aniq belgilangan bo‘lsa-da, loyiha kengashga kiritilmagan va saroyda ta'mirlash-tiklash ishlari loyihasiz olib borilgan.
Hozirda departament xodimlari tomonidan Tosh hovli saroyida ta'mirlash-tiklash ishlari to‘xtatilgan. Noqonuniy olib borilayotgan ta'mirlash-tiklash ishlari to‘g‘risida huquq-targ‘ibot idoralariga hujjat tayyorlanmoqda.
Eslatib o‘tamiz, bir yil oldin – 2019 yil dekabrida Tosh hovli saroyi derazalaridan biriga «Akfa» alyumin romi o‘rnatilgan, jamoatchilik e'tirozidan so‘ng u olib tashlangan edi. Madaniyat vazirligi ish prokuraturaga oshirilishini xabar qilgandi





















