Toshkent shahridagi tuman hokimliklaridan birida ishlovchi mansabdor shaxs Navoiy viloyatida ro‘yxatdan o‘tgan MChJga Toshkent shahri hududidan 16 sotix yer maydonini rasmiylashtirib Toshkent shahar hokimligining tegishli qarorini chiqartirib berish evaziga tadbirkordan har bir sotix yer uchun 22 ming AQSh dollaridan jami 352 ming AQSh dollari talab qilgan.
DXX xodimlarining Bosh prokuratura huzuridagi departament xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazgan tezkor tadbiri davomida ushbu shaxs so‘ralgan puldan 35 ming AQSh dollarini olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
DXX xodimlarining departament xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazgan boshqa bir tezkor tadbiri davomida Toshkent viloyatidagi shahar xokimliklaridan birida mas'ul lavozimda ishlovchi shaxs mahalliy fuqaroga shahar hududidan 15 sotix yer maydoni olishida yordam berish evaziga undan 15 ming AQSh dollari talab qilib, so‘ralgan pulning 4,5 ming AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Tergovoldi surishtiruv harakatlari davomida, mazkur shaxs dastlabki hujjatlarni tayyorlash uchun muqaddam 5,5 ming dollar olgani ham ma'lum bo‘ldi.
Toshkent viloyatida qayd etilgan yana bir holatda esa muqaddam 4 marta sudlangan shaxs Bo‘stonliq tumani Hojikent qishlog‘idagi 1 gektar yer maydonini tuman hokimligidagi tanishlari orqali mahalliy fuqaro nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 160 ming AQSh dollari talab qilib, shundan 80 ming dollarini olgan vaqtida ushlandi.
Ushbu 1 gektar yer maydoni 80 ming dollarni olish uchun firibgar shaxs bilan birga kelgan, uning ikki nafar qarindoshi nomiga 2007 yilda dehqon xo‘jaliklari tashkil etish uchun rasmiylashtirib berilgani aniqlandi.
DXX Samarqand viloyati boshqarmasi va departamentning hududiy boshqarmasi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida Samarqand viloyati Yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri davlat korxonasi Urgut tuman filialining mutaxassisi tuman hokimining tumandagi «Sariqtepa» massivi hududida joylashgan 15 sotix tashlandiq yer maydoniga egalik huquqini beruvchi qarorini chiqartirib, tegishli kadastr hujjatlarini rasmiylashtirib berish evaziga fuqarodan 2000 AQSh dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

















