O‘zbekiston | 18:45 / 18.12.2020
8208
7 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston prezidenti raisligida MDH sammiti bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 18 dekabr kuni Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Davlat rahbarlari kengashining videoanjuman shaklidagi majlisi bo‘lib o‘tdi.

Sammit ishida Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko, Moldova prezidenti Igor Dodon, Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev, Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putin, Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon, Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov, Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev, Qirg‘iziston prezidenti vazifasini bajaruvchisi Talant Mamitov, MDH Ijroiya qo‘mitasi raisi – Ijrochi kotibi Sergey Lebedev va Hamdo‘stlik Parlamentlararo assambleyasi kengashi raisi Valentina Matviyenko ishtirok etdi.

Kun tartibiga muvofiq MDH doirasidagi ko‘p qirrali hamkorlikning holati va ustuvor yo‘nalishlari ko‘rib chiqildi, sheriklik munosabatlarini mustahkamlash bo‘yicha birgalikdagi rejalar belgilab olindi.

Shavkat Mirziyoyev o‘z nutqida O‘zbekiston shu yil MDHga raislik qilishdek sharafli va mas'uliyatli vazifani ilk bor o‘z zimmasiga olganini ta'kidladi.

MDHning ulkan salohiyatidan foydalanish, sa'y-harakatlarni birlashtirish, o‘zaro ishonch va hamkorlikni yanada mustahkamlash koronavirus pandemiyasi oqibatida kelib chiqqan inqirozdan tez fursatlarda chiqishning maqbul yo‘llarini topish uchun xizmat qilishiga ishonch bildirildi.

«O‘zbekiston umumiy muammolarni hal qilishga yangi, nostandart va o‘zaro manfaatli yondashuvlarni birgalikda ishlab chiqish va amalga oshirishga tayyor», dedi prezident.

O‘zbekiston MDH doirasidagi hamkorlikning sifat jihatidan yangi bosqichiga izchil o‘tish, sheriklik mexanizmlari va qabul qilingan hujjatlar ijrosi samaradorligini oshirish tarafdori ekani ta'kidlandi.

Shavkat Mirziyoyev tashkilot doirasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirishga doir qator takliflarni ilgari surdi.

Xususan, bugungi sharoitda mamlakatlar iqtisodiyotlari, savdo va kooperatsiya aloqalarini jadal sur'atlarda qayta tiklash ustuvor vazifa ekani ta'kidlandi. Mavjud muammolarga qaramay, O‘zbekistonning MDHga a'zo boshqa mamlakatlar bilan tovar ayirboshlashi barqaror o‘sib borayotgani kuzatilmoqda. Ayrim sheriklar bilan savdo joriy yilda 20 foizdan ziyodga ko‘paydi.

Hamdo‘stlik doirasida «yashil» va soddalashtirilgan yo‘laklar amaliyotini keng joriy etish, elektron savdoni rivojlantirish bo‘yicha yagona platformani ishga tushirish va «yo‘l xaritasi»ni qabul qilish muhimligi qayd etildi.

Davlat rahbari sanoat kooperatsiyasi bo‘yicha kompleks dastur ishlab chiqish zarurligini qayd etdi.

Bunda agrosanoat, mashinasozlik, elektrotexnika, yengil va oziq-ovqat sanoati, farmatsevtika va boshqa ustuvor tarmoqlarda qo‘shma klasterlar tashkil etish nazarda tutiladi. Ushbu dastur hamda innovatsion loyihalar va ilg‘or texnologiyalar taqdimotini kelgusi yil Toshkent shahrida o‘tadigan MDH mamlakatlari sanoat kooperatsiyasi forumi doirasida o‘tkazish taklif etildi.

Bugungi kunda sanitariya-epidemiologik tusdagi favqulodda vaziyatlarni monitoring qilish va ularga barvaqt javob qaytarishning samarali tizimini shakllantirish alohida ahamiyat kasb etmoqda. Shu munosabat bilan MDH doirasidagi tegishli kelishuvni tayyorlash ishlari tezlashtiriladi.

Kasalliklarni profilaktika qilish va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish maqsadida har yili ommaviy sport va madaniy tadbirlarni tashkil etgan holda «MDH salomatlik marafoni»ni o‘tkazish taklif etildi.

MDH ijodiy va fan ziyolilarining navbatdagi forumi doirasida O‘zbekistonda «Hamdo‘stlik mamlakatlari madaniy merosi» konferensiyasini o‘tkazish g‘oyasi ilgari surildi. Bu an'anaviy yaqin bo‘lgan gumanitar aloqalarni mustahkamlashga xizmat qiladi.

MDH makonidagi xavfsizlikka tahdid solayotgan xatarlar to‘g‘risida so‘z yuritilar ekan, Afg‘onistonda yo‘lga qo‘yilayotgan tinchlik jarayonini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash muhim ekani qayd etildi.

«Ushbu mamlakatning tinchligi butun hamdo‘stlik makonida xavfsizlik va barqarorlikni ta'minlashning muhim omilidir. Bu, shuningdek, davlatlarimizning Janubiy Osiyo bilan savdo-iqtisodiy hamkorligini rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar degani, – deya ta'kidladi prezident.

Mafkuraviy va axborot sohalarida xavfsizlikni ta'minlash masalalari ham yangi, noodatiy yondashuvlarni taqozo etayotgani qayd etildi. Ushbu mavzudagi avval qoldirilgan Xalqaro ekspertlar forumi kelgusi yilda Toshkent shahrida o‘tkaziladi.

Bundan tashqari, huquqiy axborot bilan almashish uchun MDH Yagona elektron platformasini yaratish va Radikallashuvdan qaytarish sohasidagi hamkorlik dasturini ishlab chiqish taklif etildi.

Tashkilot makonida do‘stlik va yaqin hamkorlikni mustahkamlashda parlamentlarning o‘rni ortib borayotgani ta'kidlandi. Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston kelgusi yilda MDH Parlamentlararo assambleyasining yig‘ilishlaridan birini poytaxtimizda o‘tkazishga tayyorligini bildirdi.

So‘ng MDHga a'zo davlatlar delegatsiyalari rahbarlari so‘zga chiqib, amalga oshirilgan keng ko‘lamli ishlar uchun O‘zbekiston Respublikasiga chuqur minnatdorlik bildirdilar, bu mamlakatimizning Hamdo‘stlikka samarali raisligini ta'minlabgina qolmay, tashkilot doirasidagi ko‘p qirrali amaliy hamkorlikni yanada kengaytirganini ta'kidladilar.   

Davlat rahbarlarining nutqlarida iqtisodiyot, transport, xavfsizlik, gumanitar sohalarda aloqalarni chuqurlashtirish, MDHda tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta'minlashga qaratilgan muhim tashabbuslar ilgari surildi.

Sammit yakunida prezident Shavkat Mirziyoyev pandemiya oqibatlari bilan bog‘liq barcha qiyinchiliklarga qaramay, birgalikdagi sa'y-harakatlar bilan Hamdo‘stlik yangi voqelikka samarali moslashishga qodirligini namoyish etganini ta'kidladi.

Majlisda MDHni yanada rivojlantirish konsepsiyasi hamda uni amalga oshirish bo‘yicha asosiy tadbirlar rejasi, BMT tashkil etilganining 75 yilligi munosabati bilan hamda xalqaro axborot xavfsizligini ta'minlash sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida qo‘shma bayonotlar qabul qilindi.

Shuningdek, kelgusi yilda tashkilotga Belarus Respublikasi raislik qilishi va navbatdagi sammitni Minsk shahrida o‘tkazish to‘g‘risidagi qarorlar hamda ko‘p tomonlama hamkorlikning turli yo‘nalishlariga doir qator muhim hujjatlar imzolandi.

Mavzuga oid