Endi esa vaziyat o‘zgarish arafasida. Eng yorqin isbot esa vodiyning otaxon kompaniyalaridan biri Hewlett Packard bosh ofisini Texasga ko‘chirayotganidir. Juma kuni Kremniyning yana bir qadrdoni Oracle Ostin shahriga (u ham Texas shtatida) ko‘chayotganini ma'lum qilgan.

Kaliforniyani boshqa soha vakillari ham tark etishmoqda. O‘tgan hafta Ilon Mask Beleyrdagi uyini sotib, Texasga ko‘chganini e'lon qildi.

Bu kabi ko‘chishlar pandemiya davrida kutilgandi – odamlar uydan turib ishlashyapti. Ba'zi texnologik kompaniyalar pandemiyadan so‘ng ham xodimlariga masofadan turib doimiy ishlash imkonini bermoqchi ekanini aytishgandi.

Lekin bosh ofislar, kompaniya asoschilari va sarmoyadorlar nega Kremniy vodiysidan ko‘chib ketishyapti?

San-Fransiskoni tark etgan kompaniyalarning ba'zilari shahar va shtat ma'muriyati boshqaruvi yomonligidan noroziliklarini izhor etishgan. Aftidan, pandemiya tufayli Kaliforniya ma'muriyati joriy qilgan cheklovlar texnogigantlar uchun yomon syurpriz bo‘lgan. Masalan, Florida va Texasda cheklovlar Kaliforniyaga nisbatan ancha yengil.

Kremniy vodiysida ko‘chmas mulk narxlari ancha balandligi ham vaziyatga ta'sir ko‘rsatmasdan qolmadi. Shuningdek, Kaliforniya shtatida daromad solig‘i yuqori. Florida va Texasda esa bunaqa soliq yo‘q.

Qayerga ko‘chishyapti?

Texasga ko‘chayotganlar bu borada birinchilar emas. Kremniy tepaliklari (Silicon Hills) deb nom olgan yangi manzilga Advanced Micro Devices (AMD), Dell (DELL) va boshqa dong‘i chiqqan kompaniyalar ko‘chib borishgan.

Ostin Tijorat palatasi ma'lumotlariga ko‘ra, joriy yilning noyabr holatiga ko‘ra, 39ta texnologik va boshqa kompaniyalar Ostin shahriga ko‘chib o‘tishgan (Ostin Texas shtatining ma'muriy markazi hisoblanadi).  Tijorat palatasi axborotiga ko‘ra, ko‘chib o‘tganlar orasida 8VC venchur kompaniyasi, Ostinda 37 gektardan ziyodroq joyda 5000 kishini ish bilan ta'minlashi ko‘zda tutilgan ofis qurishni mo‘ljallagan «Tesla» kompaniyalari bor. Texnologik bo‘lmagan kompaniyalardan elektron sigaretlar ishlab chiqaruvchi Juul Labs ham o‘z ofislarini eski Kremniydan yangisiga ko‘chirgan.

Turli millatlar va yaxshi ta'lim olgan aholini nazarda tutib «Inson kapitali asosiy sabab», deydi OTP prezidenti va bosh menejyeri Loro Hafman yirik kompaniyalar bu hududga ko‘chib kelish sabablari haqida gapirarkan. Uning aytishicha, shaharning mehnatga layoqatli aholisining 47 foizi oliy ma'lumotli va Ostinda 25ta universitet va kollejlar bor.