Videorolik e'lon qilinishidan bir necha soat o‘tib FXX bu telefon muloqotini «sahnalashtirilgan» deb atadi, Navalniyning zaharlanishi bo‘yicha G‘arb nashrlari tomonidan o‘tkazilgan surishtiruv esa Rossiya FXXni obro‘sizlantirishga qaratilgan «rejalashtirilgan provokatsiya» sifatida baholandi.

Siyosatchi «o‘z qotillaridan biri» bilan qanday bog‘langan?

14 dekabr kuni e'lon qilingan surishtiruvda Rossiya federal xavfsizlik xizmatining Navalniyning zaharlanishida qatnashgan xodimlari keltirilgandi. Navalniy qo‘shma surishtiruv e'lon qilinishidan bir necha soat oldin unda nomi keltirilgan odamlarga telefon qilishni boshlagan.

Navalniyning aytishicha, u e'lon qilgan telefon suhbatidagi inson FXX kriminalistika instituti xodimi Konstantin Kudryavsev bo‘lgan. Bu xodim ittifoq davrida kimyoviy qurol ishlab chiqarilgan Shixandagi harbiy qismda xizmat qilgani aytiladi. Navalniy raqamni o‘zgartiruvchi dastur orqali o‘z raqamini xuddi FXX ishchi raqamiga o‘xshatib o‘zgartirgan va Kudryavsevga qo‘ng‘iroq qilib, o‘zini Xavfsizlik kengashi kotibi Nikolay Patrushevning yordamchisi deb tanishtirgan va Kudryavsev o‘ziga ishdan qo‘ng‘iroq bo‘layotganiga ishongan.

«Hisob-kitob oddiy. Ertalab soat yettidagi qo‘ng‘iroq, tanish xizmat raqamini ko‘rasan, go‘shakni ko‘tarasan va gaplashishni boshlaysan. Men qo‘ng‘iroq qilganlarning deyarli barchasi javob berdi, deyarli barchasi tezda go‘shakni qo‘ydi. Keyin esa bizni katta omad kutib turgandi», deya hikoya qildi Navalniy.

  • FXX xodimlarining Navalniyga suiqasd uyushtirgani haqidagi surishtiruvda ishtirok etgan CNN telekanali aniqlik kiritishicha, Navalniy avvaliga telefon muloqotlarida o‘zining kimligini yashirmagan, faqat Kudryavsev bilan suhbatda o‘zini Patrushevning yordamchisi sifatida tanishtirgan.

40 daqiqadan oshiqroq davom etgan suhbatda Kudryavsev ekani aytilayotgan shaxs unga Xavfsizlik kengashi xodimi emas, Aleksey Navalniy qo‘ng‘iroq qilayotganini sezmagan.

Suhbatning to‘liq rasshifrovkasi The Insider saytida keltirilgan.