«Rossiya Ukrainaga qarshi urush davomida iqtisodiy jihatdan zaiflashdi, biroq Vladimir Putinning 2027 va 2028-yillarda jangovar harakatlarni davom ettirish uchun resurslari yetarli», - dedi Ukraina Mudofaa vazirligi Bosh razvedka boshqarmasi (GUR) boshligʻi Oleg Ivashchenko.

«Rossiyada bu resurslar qolmasligi uchun hamkorlar bilan birgalikda ishlash zarur. Sanksiyalar amalda ishlashi kerak», - dedi Ivashchenko «Ukrinform»ga bergan intervyusida.

Shu bilan birga, uning soʻzlariga koʻra, rossiyaliklarning 60 foizdan ortigʻi allaqachon urushga qarshi chiqmoqda.

«Norozilik oʻsib boradi. Bu iqtisodiy ahvol va dushmanning katta talafotlari oqibatidir», - deb izoh berdi GUR rahbari. U, shuningdek, shartnoma asosida xizmat qiluvchilarni jalb qilish hisobiga armiyani toʻldirish modeli oʻzini oqlamagani, chunki hududiy byudjetlar koʻngillilarga toʻlovlarni moliyalashtirishda davom eta olmasligini taʼkidladi.

«Shu bilan birga, Rossiya qoʻshinlarining yoʻqotishlari ortmoqda. Rossiyaning bir kundagi oʻrtacha talafoti 1200 dan 1400 nafargacha, baʼzan esa 1500 nafar kishini tashkil etadi. Gap halok boʻlganlar va ogʻir yaradorlar haqida ketmoqda», - dedi Ivashchenko.

Iyun oyida Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Putinga ochiq xat yoʻllab, unda Moskvaning urushni yana ikki yilga choʻzish niyati toʻgʻrisida razvedka maʼlumotlari borligini bayon qilgan edi. Uning taʼkidlashicha, Ukraina dronlari va raketalari hujumlariga, benzin tanqisligiga, narxlar oʻsishiga va doimiy taqiqlarga duch kelayotgan rossiyaliklar harbiy mojarodan tobora norozi boʻlmoqda.

«Ularga urushingizning oxiri koʻrinmayotgani yoqmayapti», - deb taʼkidlagan Zelenskiy va Rossiya prezidentini urushni toʻxtatishga chaqirgan. Keyinroq Ukraina prezidenti Putin safarbarlik doirasida frontga yana «300 mingdan 500 minggacha odam» yubormoqchi ekanini, chunki Rossiya Mudofaa vazirligi yetarli miqdorda shartnoma asosidagi askarlarni jalb qila olmayotganini aytgan.

5-sentabr kuni Trampning maxsus elchilari Stiven Uitkoff va Jared Kushner Putin bilan muzokaralar oʻtkazish uchun Moskvaga bordi. Ertasi kuni ular Kiyevga tashrif buyurib, Zelenskiy bilan uchrashdi. Manbalarga koʻra, Tramp elchilari yangi gʻoyalarni deryali olib kelmagan va faqat avvalgi takliflarni qayta jonlantirishga uringan.

Nashr suhbatdoshlarining taʼkidlashicha, Putin hamon Donbass ustidan toʻliq nazoratni talab qilmoqda va urushni faqat oʻz shartlari bilan tugatishga tayyor. Shu bilan birga, u Rossiya armiyasi yil oxirigacha Donetsk viloyatining qolgan 20 foizini egallab olishiga ishonadi. Oʻz navbatida, Zelenskiy avvalgidek hududlarni Rossiyaga berishni istisno qilmoqda va Donbass masalasini butun urush uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega deb hisoblaydi.