Boxing Day tushunchasi futbol olamida ba'zan biroz noto‘g‘ri tushuniladi. Yilning so‘nggi o‘n kunligida Angliyada bir necha tur o‘tkazilishini e'tiborga olib, ko‘pchilikda, bu termin haqida biroz noto‘g‘ri fikr shakllangan.

Aslida bu terminning ildizi boxing, ya'ni «boks» emas, «The Box» ya'ni «quti» ma'nosini anglatadi. Tarixda Christmas (25 dekabr) bayramining ertasida zodagonlar o‘z xizmatkorlariga dam olish imkonini berishgan va ularga qutida sovg‘a ulashilgan. Bu kunning alohida bayramga aylanishi aynan o‘sha odatga asoslanadi, keyinchalik, bu kunda inglizlar bir-birlariga qutilarda sovg‘a berishga odatlanishdi.

Bir necha sport turlarida, xususan futbolda ham 26 dekabrda o‘yinlarni o‘tkazish urfga kirdi va har yili bu sanada haftaning qaysi kuni bo‘lishidan qat'i nazar tur o‘yinlari o‘tkaziladigan bo‘ldi. Shuning uchun ham ko‘pincha chempionatning 18- 19-turlariga to‘g‘ri keladigan bu kunga alohida e'tibor beriladigan bo‘ldi va alohida hisob-kitoblar yuritilishi muxlislar uchun qiziqdir.

Albatta, birato‘la o‘sha so‘nggi o‘n kunlikni e'tiborga olib, «Boksing dey»ni umumiy qilib, 3-4 tur deb tushunilishi u qadar zarar emas. Filologiyada ham butunni qism bilan ifodalash qoidalari bor, masalan. Tahlilchilar, jurnalistlar ketma-ket o‘tkaziladigan mana shu turlarni umumiy ma'noda shu atama bilan nomlashlarini tushunish uchun ham, bu kunlarning o‘ziga xosligi nuqtayi nazaridan ham u qadar noto‘g‘ri tuyulmaydi.

Afsuski, bu safargi bayramlar biroz farq qiladi, pandemiya bilan bog‘liq cheklovlar, aksariyat o‘yinlarning umuman muxlislarsiz o‘tishi, buning ustiga Britaniyada tarqalgan yangi turdagi virus vahimasi futbolga biroz soya solishi shubhasiz. Ammo aytish kerakki, futbolni televizordan ko‘rishga ko‘nikib bo‘lindi, uydagi sokin muhitda futbol tomosha qilish diqqatni jamlashga va jamoalarning imkoniyati, turnir holatida tahliliyroq nazar tashlash imkonini ham beradi. Shu tomondan pozitiv qarash ham mumkin.

Ayni qizg‘in pallada turnir jadvali ham juda tig‘iz shakllanib qolgan va bir necha jamoa uchun haqiqiy sinov boshlanyapti. Mana shu turlardagi natijalar ularning mavsumdagi asosiy ambitsiyalarini belgilab beradi. «Yunayted» chempionlik uchun kurasha oladimi, Ellardays bu safar eplaydimi, Artetani nimalar kutib turibdi va yana bir qator qiziqarli savollarga javob olish ostonasida turibmiz.

«Liverpul»ning ta'qibchisi kim?

«Lester» o‘tgan turda ham shu maqomdagi uchrashuvda maydonga tushgan va safarda «Tottenhem» ustidan g‘alabaga erishgandi. Rojyers shogirdlari hozircha 27 ochko bilan peshqadamdan 4 ochko ortda qolgan holda 2-o‘rinda borishmoqda. Aslida esa, yo‘qotilgan ochkolar bo‘yicha «Manchester Yunayted» ikkinchi, faqat manchesterliklarning zaxirada «Byornli»ga qarshi o‘yini turibdi. Demak, bugungi o‘yin natijasi APLdagi sof ikkinchi jamoani aniqlab beradi. Ammo jadval shu qadar tig‘iz yuzaga kelganki, masalan, «MYu» bugun g‘alaba qozonsa, hatto yo‘qotilgan ochkolar bo‘yicha turnirda asl peshqadamga aylanib olishi, ammo mag‘lubiyatga uchrasa, 8-o‘ringa tushib ketish ehtimoli ham mavjud.