07:44 / 27.12.2020
9973

«Taraqqiyot Xitoyda kambag‘allikni yengish kaliti bo‘ldi». Elchi kambag‘allikka qarshi kurash strategiyasi haqida gapirdi

Xitoyning O‘zbekistondagi elchisi Tszyan Yan «Dunyo» axborot agentligi muxbiriga bergan intervyusida aholi farovonligini yuksaltirish, odamlar bandligini ta'minlash, yordamga muhtoj oilalarni qo‘llab-quvvatlash borasida Xitoy tajribasi haqida gapirdi.

Xitoy Xalq Respublikasining O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Tszyan Yan xonim rasmiy Pekin davlat budjetidan kambag‘allikka qarshi kurashish uchun yiliga 45 milliard dollardan ortiq mablag‘ ajratilishini ma'lum qildi. Uning aytishicha, chekka qishloqlarni ichki va xalqaro bozorlar bilan bog‘lash, transport, energetika, telekommunikatsiya infratuzilmasini yaratish tizimli davom ettiriladi.

«Noyabr oyida Xitoyning Guychjou viloyatidagi so‘nggi to‘qqizta uyezd kambag‘allikdan xalos bo‘ldi. Bu koronavirus pandemiyasining salbiy ta'siriga qaramasdan, 832ta uyezd «qashshoq uyezd» yorlig‘idan qutulganini anglatadi. Natijada mamlakat oldida 2020 yil oxirigacha qashshoqlikni bartaraf etish bo‘yicha turgan milliy vazifa to‘la bajarildi.

Taraqqiyot Xitoyda kambag‘allikka barham berishning kaliti bo‘ldi. Xitoy islohotlar va ochiqlik siyosati boshlanganidan buyon jadal iqtisodiy rivojlanish sur'atlarini namoyish etdi. Bu o‘ta kambag‘allikni yo‘q qilish bo‘yicha keng ko‘lamli dasturni bajarish uchun zarur bo‘lgan shart-sharoitlarni yaratdi.

Xitoyda 2012 yildan beri har yili davlat budjetidan kambag‘allikka qarshi kurashish uchun 45 milliard dollardan ortiq mablag‘ ajratilmoqda.

3 millionga yaqin maxsus tayyorgarlik ko‘rgan mutaxassislar kambag‘al qishloq tumanlariga jo‘natildi. Chekka qishloqlarni ulkan ichki va xalqaro bozorlar bilan bog‘lagan yangi transport, energetika va telekommunikatsiya infratuzilmasi yaratilgani qashshoqlikni bartaraf etishga yordam berdi.

100 mingdan ziyod qishloq maktabi kapital ta'mirlandi, ularni zamonaviy uskunalar bilan jihozlash bo‘yicha ishlar amalga oshirildi.

Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Tszinpin 2013 yilda birinchi marta qishloq aholisiga manzilli yordam ko‘rsatish g‘oyasini ilgari surgan edi. U kambag‘allikka qarshi kurashda maqsadli choralar ko‘rish va ularni mahalliy sharoitlarni hisobga olgan holda amalga oshirish zarurligini ta'kidladi. Ushbu tamoyildan kelib chiqib, Xitoy kambag‘allikni kamaytirishga qaratilgan turli xil yondashuvlarni qabul qildi. Moliyaviy vositalardan foydalanish, turizmni rivojlantirish va kambag‘al mintaqalarda ishlab chiqarilgan tovarlardan ko‘proq foydalanishni rag‘batlantirish shular jumlasidandir.

XXR tashqi ishlar vaziri Van I ta'kidlaganidek, Xitoy amaliyoti qashshoqlik milliy xususiyat emasligi va bo‘la ham olmasligini isbotlamoqda. Bu mamlakatimiz amaliyotida muvaffaqiyatli namoyish etildi. Biz Prezident Shavkat Mirziyoyevning kambag‘allikni qisqartirishga qaratilgan katta e'tiborini yuksak qadrlaymiz. Bu uning xalq manfaatlariga xizmat qilish g‘oyasining yorqin ifodasidir. Biz o‘z tajribamizni o‘zbekistonlik hamkasblarimiz bilan o‘rtoqlashishga tayyormiz», dedi Xitoy elchisi.

Ma'lum qilinishicha, joriy yil uchinchi chorak yakunlari bo‘yicha Xitoy-O‘zbekiston savdo aylanmasida Xitoyning yetakchi mavqei saqlanib qolganiga qaramasdan, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan o‘zaro savdo hajmi 17 foizga kamaygan.

Top