Umuman media, multfilm, kino, serial, reklama, kitoblar – bularning barchasi tomoshabin xulq-atvorini, nima o‘ylashi va hatto nima haqida orzu qilishini ham belgilab beradi.
Amerikalik tadqiqotchilarning ta'kidlashicha, kishi ko‘rgan yoki eshitgan hikoyalari miyada qayta takrorlanadi. Miya doimiy ko‘radigan axborotlarini soddalashtirish va ma'lumotlarni tashkillashtirish uchun ularni bo‘laklarga bo‘lishga muhtoj. Shu bo‘laklar yig‘ilib, kishining dunyoqarashi shakllanadi va qabul qilgan narsalaridan ma'no chiqarishni boshlaydi.
Natijada ekrandagi biror qahramon his qilgan narsani sekinlik bilan tomoshabin ham his qiladi. Yolg‘onmi, chinmi unga ishonadi, real hayotda qo‘llaydi yoki boshqalardan ekran qahramonlaridagi munosabatni kutadi.
Filmlarning ongga ta'siri – irqchilik muammosi misolida
Britaniyalik olimlar 2006–2016 yillarda britan filmlarida o‘ynalgan 45 ming qahramon ustida tadqiqot o‘tkazdi. Ushbu rollarning atigi 0,5 foizigina qora tanli britaniyaliklar tomonidan o‘ynalgan. Lekin jinoiy mavzulardagi filmlarning 64 foizini qora tanlilar o‘ynagan. Ustiga-ustak, filmlarda qora tanlilarni jahldor, jinoyatchi, zo‘ravon qilib tasvirlash urf bo‘lgan.
Qora tanli qahramon ekranda aks etishni boshlasa, oq tanlilar orasida irqchilik g‘oyalari, mustamlakachilik, qora tanlilarga qarshilik va quldorlik yodga tushgan.
Umuman, qora tanlilar qanday bo‘lishi haqidagi g‘oya butun tarix davomida oq tanlilar tomonidan filmlarga mohirlik bilan singdirib kelingan. Bunda, rejissyorlarni ham o‘zlari ko‘rgan filmlarning qurboni deyish mumkin: ular g‘ayriixtiyoriy tarzda salbiy qahramonlar roliga ko‘proq qora tanli aktyorlarni tanlashadi.
Shu boisdan ham aytish mumkinki, media – shaxsni shakllantiruvchi kuch; u biror g‘oyaga nisbatan ishonch uyg‘otadi, tasavvur shakllantiradi yoki mavjud tasavvurlarni o‘zgartiradi.
Seriallar tarixiga qisqa nazar
Bir necha qismli, bir-biriga bog‘langan voqealarni ketma-ket qismlarga bo‘lib, efirga uzatish 1930 yillarda Amerika radiolarida boshlangan. Seriallarning asosiy auditoriyasi uyda o‘tiradigan ayollar hisoblangan. O‘sha paytda Amerikadagi har 4 ayoldan 3 nafari uy bekasi edi.
Radiokompaniyalar reklamadan daromadlarni ko‘paytirish maqsadida seriyali epizodlarga homiylik kompaniyalar izlay boshlaydilar. Bunda asosan o‘zlarining auditoriyasiga mos keladigan, aniqrog‘i ro‘zg‘or buyumlarini sotadigan korxonalarni qidirishadi. Dastavval seriallar orasida sovun va shunga o‘xshash xo‘jalik mahsulotlari reklama qilingan. Shuning uchun ham serial so‘zining tarjimasi inglizchada – «soap opera». Ya'ni «soap» – sovun degan ma'noni anglatadi.














