Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tomonidan mandarin importi bozori yuzasidan o‘rganish o‘tkazildi. Unda mazkur sitrus meva narxining keskin oshib ketish sabablariga e'tibor qaratilgan, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

Ma'lum qilinishicha, O‘zbekistonda talab yuqori bo‘lgan Xitoy (kichik) mandarinining 1 kg narxi 2020 noyabr oyida 47 ming 990 so‘m bo‘lib, 1-10 dekabr kunlarida noyabr oyiga nisbatan 7 ming so‘m (14,6 foiz)ga qimmatlagan. 11-16 dekabr kunlarida oy boshidagi narxga nisbatan 5 ming so‘m (9,1 foiz)ga arzonlashib 49 ming 990 so‘mni tashkil qilgan.

Ta'kidlanishicha, 1 tonna mandarin (kichik navlari) xarid narxi 12 million 125 ming so‘m bo‘lib, uning transport xarajati 15 million 750 ming so‘mni, bojxona boji 4 million 410 ming so‘mni, QQS 2 million 64 ming so‘mni, bir martalik sertifikatlar va ruxsatnomalar uchun 2 million 627 ming 300 so‘m, mandarin uchun boshqa xarajatlar 1 yarim million so‘m jami xarajatlar 1 tonna mandarin uchun 38 million 500 ming so‘mni tashkil etgan.

«O‘zbekistonga keltirilayotgan sitrus mevalar Xitoy davlatidan Qozog‘iston orqali tranzit olib kirilayotgani sababli transport va hujjatlarni rasmiylashtirish xarajatlari ortib ketgan», — deyiladi qo‘mita o‘rganishi ma'lumotnomasida.

Ayni kunlarda Xitoy orqali import qilingan mandarin mahsuloti narxi o‘tgan yilga nisbatan 40 foiz oshgan. Koronavirus pandemiyasi sababli mandarin mahsulotlari eksportga deyarli sotilmayotganligi va mandarin mahsulotining Xitoydan respublikamiz bojxona postigacha yetib kelishi uchun eng kamida 2 hafta muddat talab etilayotganligi, bu esa o‘z navbatida yo‘l xarajatlarining oshib ketishi hamda mahsulotning vazn va sifat ko‘rsatkichlariga salbiy ta'sir etganligi qayd etilgan.

Shuningdek, Argentinadan 2020 yil sentyabrda import qilib keltirilgan 1 kg mandarinning taxminiy tannarxi – 27 ming 820 so‘m, savdo do‘konlardagi narxi o‘rtacha 55 ming so‘m ekanligi hisobga olinsa, narxning qariyb 50 foizi tannarx (O‘zbekiston hududiga kirib kelishi) qismi yetkazib berish, ulgurji va savdo ustamalariga to‘g‘ri kelmoqda.

Turkiyadan 2020 yil noyabrda import qilib keltirilgan 1 kg mandarinning taxminiy tannarxi – 12 ming 47 so‘m, savdo do‘konlaridagi narxi o‘rtacha 18–26 ming so‘m ekanligi hisobga olinsa, bunda ham narxning qariyb 50 foiz tannarx (O‘zbekiston hududiga kirib kelishi) qolgan qismi yetkazib berish, ulgurji va savdo ustamalariga to‘g‘ri kelmoqda.