Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Tibbiy-ijtimoiy xizmatlar agentligi direktor o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi Bahodir Karimov SSV matbuot xizmati bilan suhbatda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamiga vazirlik tasarrufida bo‘lgan sanatoriy-kurort xizmatidan bepul foydalanish uchun yo‘llanmalarning berilish tartibi to‘g‘risidagi savollarga javob berdi.

— Nogironlar va keksalarni vazirlik tasarrufidagi sanatoriy-kurort yo‘llanmalari bilan bepul ta'minlash tuman va shahar tibbiy-ijtimoiy xizmatlar shu'balari orqali amalga oshiriladi. Sanatoriy yo‘llanmalari har yili navbat asosida quyidagi shaxslarga beriladi:

  • urush nogironlari va ularga tenglashtirilgan shaxslar;
  • respublika ahamiyatiga molik shaxsiy pensiya oluvchilar; 
  • Chernobil AES halokati oqibatida nurlanish kasalligiga chalingan va uni boshidan kechirgan, shuningdek Chernobil halokati sababli nogiron bo‘lib qolgan shaxslar; 
  • yadro poligonlari va boshqa radiatsiya-yadro obektlarida harbiy xizmatni o‘taganlar; 
  • shuningdek, yolg‘iz keksalarga sanatoriy yo‘llanmalari beriladi.

Ikki yilda bir marotaba navbat asosida esa: 

  • urush qatnashchilariga tenglashtirilgan shaxslar; 
  • halok bo‘lgan harbiy xizmatchilarning oilalari; 
  • I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar, ko‘zi ojiz I guruh nogironini kuzatib boruvchilarga beriladi.

Shuningdek, sanatoriylarda bo‘sh o‘rin mavjud bo‘lgan taqdirda, navbat asosida, 3 yilda 1 marta yoshga doir pensionerlarga ham yo‘llanma berilishi mumkin.

— Nogironligi bo‘lgan shaxslar va keksalar yo‘llanmalarni olishi uchun qanday hujjatlar taqdim etishi zarur?

— Nogironligi bo‘lgan shaxslar va keksalar yo‘llanmalarni olishi uchun tuman yoki shahar tibbiy-ijtimoiy xizmatlar shu'balariga quyidagi hujjatlarni taqdim etishlari lozim:

  • rahbar nomiga ariza;
  • pasport nusxasi;
  • imtiyozdan foydalanish huquqini beruvchi hujjat;
  • tibbiy xulosa.

Arizalar maxsus ro‘yxatga olish kitobida qayd etiladi. Yo‘llanmalar nogironligi bo‘lgan shaxslar va keksalarga uning amal qilish muddati boshlanishidan kamida 10 kun oldin tibbiy xulosaga muvofiq beriladi.