O‘zbekiston | 13:40 / 11.01.2021
11813
3 daqiqa o‘qiladi

Namangan va Andijondagi suv ta'minoti nosozliklari qachon bartaraf qilinishi bildirildi

Foto: O‘zsuvta'minot

Andijonda yuzaga kelgan nosozlik 11 yanvar kuni to‘liq bartaraf etilib, aholining ichimlik suv ta'minoti 12 yanvar kuni qayta yo‘lga qo‘yiladi. Namangandagi holat bugun, 11 yanvar kuni, soat 18:00ga qadar to‘liq bartaraf etish rejalashtirilgan.

"O‘zsuvta'minot" AJ axborot xizmatining ma'lum qilishicha, 2021 yilning 9 yanvar kuni Andijon shahrini ichimlik suvi bilan ta'minlovchi diametri 1400 mm bo‘lgan “Xonobod-Andijon” markaziy ichimlik suv quvurining Andijon shahri va Andijon tumani chegarasidagi Jyevachi MFY hududida joylashgan suv taqsimlash jihozi (zadvijka) ob-havoning keskin sovib ketishi natijasida yorilib, nosozlik yuzaga kelgan.

Natijada, Andijon shahri, Oltinko‘l va Andijon tumanining 20dan ortiq MFYlarida suv ta'minoti vaqtincha to‘xtatilgan. 

Ayni paytda, Jalaquduq tumanida joylashgan “Paxtakor” yer osti suv olish inshooti orqali Andijon shahrida yashovchi aholining 35 foizi qisman ichimlik suvi bilan ta'minlanmoqda.

Bundan tashqari, “Andijon suv ta'minoti” MChJ hamda shahar va tuman hokimliklari hamkorligida qo‘shimcha ravishda 50 dona maxsus suv tashish transport vositalari va 150 nafar ishchi xodim jalb etilib, shaharning suv ta'minoti mavjud bo‘lmagan hududlaridagi aholiga ichimlik suvi yetkazib berish ishlari olib borilmoqda.

Nosozlikni bartaraf etish uchun zarur bo‘lgan barcha jihoz va uskunalar tayyor holga keltirilib, viloyat hokimi rahbarligida ushbu hududda maxsus shtab tashkil qilindi. Shtab tarkibiga Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi, Ichki ishlar boshqarmasi, elektr tarmoqlari korxonasi, “Hududgazta'minot”, Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmasi, Avtomobil yo‘llari boshqarmasi, tibbiyot va boshqa tashkilotlarning 120 nafar xodimi xamda 15ta maxsus texnika jalb etildi.

Yuzaga kelgan nosozlik 11 yanvar kuni to‘liq bartaraf etilib, aholining ichimlik suvi ta'minoti 12 yanvar kuni qayta yo‘lga qo‘yilishi aytilgan.

Namangan viloyatida 11 yanvar kuni “Paxtaliko‘l” suv uzatish inshootida D-1000 mm.li yuqori bosimli magistral tarmoqda favqulodda nosozlik sodir bӯlganligi sababli mazkur inshoot faoliyati soat 10:00dan boshlab vaqtinchalik tӯxtatildi.

Buning oqibatida Namangan shahrining Oromgoh dahasi, 1-Axsikent, 2-Axsikent, Go‘zal, Chamanzor, Mingchinor, Mustaqillik, Pahlavon, Nurobod, Sihatgoh, Mehnatobod, Ishonch, Istiqbol MFY hududi va 1-kichik tumani ayrim joylarida ichimlik suvi ta'minotida vaqtinchalik uzilishlar sodir bo‘ldi.

Nosozlikni bugun soat 18:00ga qadar to‘liq bartaraf etish rejalashtirilgan.

Mavzuga oid