21:07 / 12.01.2021
7827

Bog‘cha yoshidagi bolalarni maktabgacha ta'lim bilan qamrab olish ko‘rsatkichi 60 foizdan oshdi – vazirlik

Maktabgacha ta'lim vazirligi matbuot kotibi Mavluda Asqarxo‘jayeva 2020 yilda bog‘cha yoshidagi bolalarni maktabgacha ta'lim bilan qamrab olish darajasi 60,9 foizga yetkazilganini ma'lum qildi.

«2018 yilda bog‘cha yoshidagi bolalarni maktabgacha ta'lim bilan qamrab olish darajasi 38 foiz, 2019 yilda 52 foizni tashkil etgan bo‘lsa, maktabgacha ta'limni rivojlantirish borasida boshlagan islohotlarimiz natijasida 2020 yili ushbu ko‘rsatkich 60,9 foizga yetkazildi.

Bugungi kunda respublikada 18 254ta maktabgacha ta'lim tashkiloti faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, ularda 1 699 566 nafar bola qamrab olingan. Mavjud bog‘chalarning 6 197tasi davlat tasarrufidagi maktabgacha ta'lim muassasasidir. Nodavlat sektordagi 12 057ta bog‘chaning 788tasi davlat-xususiy sherikchilik asosidagi, 10 244tasi oilaviy, 1 025tasi xususiy maktabgacha ta'lim tashkilotlari hisoblanadi», deya Mavluda Asqarxo‘jayevaning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Vazirlik vakilining ma'lum qilishicha, 2020 yilda investitsiya dasturi hamda Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan respublika bo‘yicha jami 32 218ta o‘rin (quvvat), shundan 2 580ta o‘rin 18ta yangi qurilish hisobiga, 17 790 o‘rin bo‘sh turgan binolarni rekonstruksiya qilish hisobiga hamda 12 448ta o‘rin faoliyat ko‘rsatayotgan MTTlar quvvatlarini kengaytirish hisobiga yaratilishi belgilangan.

2020 yilda davlat-xususiy sheriklik asosida quvvati 46 mingdan ortiq bo‘lgan 420ta nodavlat maktabgacha ta'lim tashkilotlarini hamda quvvati 50 ming o‘rin bo‘lgan 2000ta oilaviy shakldagi nodavlat maktabgacha ta'lim tashkilotlarini tashkil etish rejalashtirilgan bo‘lib, bugungi kunda DXSh asosida quvvati 42 mingdan ortiq 333ta nodavlat maktabgacha ta'lim tashkilotlari o‘z faoliyatini boshlagan, hozirgi kunda 115ta NMTTlarda qurilish ishlari davom etmoqda. Shu bilan birga, jami 96 342 o‘ringa mo‘ljallangan oilaviy bog‘chalarni tashkil etish bo‘yicha 3 854ta bitim imzolangan bo‘lib, shulardan 83,7 ming quvvatga ega 3 529tasi o‘z faoliyatini boshlagan.

«Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarning olis tumanlarida istiqomat qiluvchi maktabgacha yoshdagi bolalarni sifatli maktabgacha ta'lim bilan qamrab olish uchun «Aqlvoy» maktabgacha ta'lim mobil guruhlari tajriba tariqasida, qayta jihozlangan ISUZU HC 40 avtobuslari negizida tashkil etilgan maktabgacha ta'lim guruhlariga 1920 nafar maktabgacha yoshdagi bolalar qamrab olindi.

Mazkur mobil guruhlarining tajriba-sinovi ijobiy natija bergani sababli 2021 yilda ularning tarmog‘ini yanada kengaytirish rejalashtirilgan. Joriy yilda 6 yoshli bolalarning kamida 75 foizini maktabgacha ta'limning muqobil turlari va maktabgacha ta'lim muassasalari negizidagi bepul maktabga majburiy tayyorlov guruhlari bilan qamrab olish belgilangan.

Bundan tashqari, boshqa vazirlik va idoralar balansidagi sobiq maktabgacha ta'lim muassasalari binolarini qaytarib olish orqali bog‘cha yoshidagi bolalarni maktabgacha ta'lim bilan qamrab olish ko‘rsatkichlarini ko‘paytirish rejalashtirilgan. 2020 yilda tuman va shahar hokimliklari, xalq ta'limi, shuningdek, boshqa davlat idoralarining tasarrufida bo‘lgan sobiq bog‘chalarning 18ta binosi maktabgacha ta'lim vazirligi tasarrufiga qaytarildi. Manfaatdor vazirliklar, idoralar va mahalliy hokimliklar bilan hamkorlikda tashkilotlar, korxonalar balansida bo‘lgan ilgari bog‘cha sifatida foydalanilgan bino-inshootlar ham xatlovdan o‘tkazildi», deydi Mavluda Asqarxo‘jayeva.

Eslatib o‘tamiz, prezident Shavkat Mirziyoyev 2020 yil yanvarda parlamentga yo‘llagan murojaatida 2020 yildan boshlab tarixda ilk bora 6 yoshli bolalarni maktabga tayyorlash tizimi joriy qilinishini aytgandi.

Avvalroq maktabgacha ta'lim vazirining birinchi o‘rinbosari Qahramon Olimov 2021 yil oxirigacha maktabgacha ta'lim bilan qamrab olish ko‘rsatkichi 65 foizga, jumladan, 6 yoshli bolalarni maktabga tayyorlashning bepul tizimi bilan qamrab olish 82 foizga yetkazish rejalashtirilganini ma'lum qilgandi.

Top