O‘zbekiston | 10:13 / 15.01.2021
15210
2 daqiqa o‘qiladi

Muzaffar Soliyev Nurafshon shahri hokimi etib tayinlandi

Ayni paytda Xalq deputatlari Nurafshon shahar Kengashining navbatdan tashqari 24-sessiyasi bo‘lib o‘tmoqda. Bu haqda Toshkent viloyati hokimligi xabar berdi.

Sessiya kun tartibiga tashkiliy masala kiritildi. Kun tartibidagi masala yuzasidan viloyat hokimi Rustam Xolmatov nutq so‘zladi. 

Viloyat hokimi Nurafshonni zamonaviy shaharsozlik an'analariga muvofiq barpo etish ishlari sust ketayotganiga e'tibor qaratdi. Shuningdek, shaharni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha yo‘l qo‘yilgan xato-kamchiliklar tanqidiy tahlil qilindi.

Rustam Xolmatov Nurafshon shahri hokimi lavozimiga Muzaffar Soliyev nomzodini tavsiya etdi.

Sessiya kun tartibiga qo‘yilgan masala yuzasidan muhokamalardan so‘ng, Muzaffar Soliyev Nurafshon shahri hokimi etib tayinlandi.

Sessiya ishida, shuningdek, Nurafshon shahri hokimining kapital qurilish va kommunikatsiya masalalari bo‘yicha o‘rinbosari boshqa ishga o‘tgani munosabati bilan shu lavozimga Sherzod Usmonov tayinlandi.

Ma'lumot uchun, Muzaffar Soliyev uy-joy kommunal xo‘jalik vaziri lavozimida ishlab kelayotgandi. U joriy yilning 6 yanvar kuni ishdan olingandi.

Avvalroq, Nurafshon shahri hokimi ishdan olingani xabar qilingandi

Mavzuga oid