O‘zbekiston | 18:13 / 24.01.2021
10653
2 daqiqa o‘qiladi

Sirdaryoda 1500 MVt quvvatli yangi IES qurilishi boshlandi

24 yanvar, yakshanba kuni Shirin shahrida 1500 MVt quvvatli issiqlik elektr stansiyasi qurilishini boshlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Foto: Sirdaryo viloyati hokimligi

Marosimda Energetika va Investitsiya vazirliklari rasmiylari hamda Saudiya Arabistonining ACWA Power kompaniyasi boshqaruvi raisi Muhammad Abunayyan ishtirok etdi.

Loyihaning umumiy qiymati 1,2 milliard dollar. Saudiyalik hamkorlar bilan investitsiya shartnomasi 2020 yil mart oyida imzolangan edi.

Loyiha doirasida samaradorligi 60 foizdan yuqori H/J sinfidagi eng zamonaviy bug‘-gaz qurilmalari qo‘llaniladi.

«Bu – boshqa elektr stansiyalari bilan taqqoslaganda, hozirgi vaqtda elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun iste'mol qilinayotgan tabiiy gaz miqdorini deyarli ikki barobar iqtisod qilish imkonini beradi», – deyiladi Sirdaryo viloyati hokimligi axborotida.

Stansiya yiliga 10 milliard KVt soatdan ortiq elektr energiyasini ishlab chiqaradi. Shu bilan birga, tabiiy gazning yillik tejash darajasi 2 milliard kubdan oshadi.

Ma'lumot o‘rnida, ACWA Power – elektr energiyasi va chuchuk suv ishlab chiqarish bo‘yicha uskunalarni ishlab chiqish, moliyalashtirish va ekspluatatsiya qilishga ixtisoslashgan kompaniya. U 2004 yilda Ar-Riyodda ta'sis etilgan; ayni paytda xodimlari soni 3 500 ga yaqin. Yaqin Sharq, Afrika, Markaziy va Janubi-Sharqiy Osiyoning 12 ta mamlakatida hamkorlik loyihalarini amalga oshiradi.

Bu kompaniya Buxoro va Navoiy viloyatlarida qiymati 1 milliard dollarga teng, quvvati 1000 MVt bo‘lgan shamol elektr stansiyalarini qurishga ham to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiya kiritishi kutilmoqda.

Mavzuga oid