O‘zbekiston | 12:03 / 27.01.2021
19197
2 daqiqa o‘qiladi

«Yallama» bojxona postida tovlamachilik yo‘li bilan pul undirib kelgan jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘yildi

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Davlat xavfsizlik xizmati va Davlat bojxona qo‘mitasi hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazildi. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xabar bermoqda.

Tadbir davomida Xitoydan Qozog‘iston orqali O‘zbekistonga import tovarlarini tashish bilan shug‘ullanuvchi avtofura haydovchilarining Toshkent viloyatida joylashgan «Yallama» chegara-bojxona posti orqali o‘tishi jarayonida bojxona rasmiylashtiruvini tezlashtirishni bahona qilib, ulardan tovlamachilik yo‘li bilan pul undirib kelgan jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘yildi.

Dastlabki surishtiruv harakatlari davomida, mazkur jinoiy guruh soxta hujjatlar yordamida tovar-moddiy boyliklar importi bilan ham shug‘ullanganligi aniqlandi.

O‘tkazilgan tezkor tadbirda guruh a'zolariga tegishli bo‘lgan Toshkent shahri va Toshkent viloyatidagi 6ta manzilda tintuv tergov harakatlari amalga oshirildi. 

Natijada, ulardan 410 ming AQSh dollari, turli ko‘rinishdagi 21 dona soxta muhr va shtamplar, kompyuter texnikalari hamda bojxonaga oid shubhali hujjatlar ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olingan.

Qayd etilishicha, hozirda jinoiy guruh a'zolariga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ularning ikki nafar yetakchisiga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Shuningdek, tergov harakatlari doirasida guruh faoliyatiga aloqador bo‘lgan boshqa shaxslarni aniqlash bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.

Mavzuga oid