Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga Vazirlar Mahkamasining «Kadastr ishlarini bajarish sohasida davlat organlari funksiyasini xususiy sektorga o‘tkazish to‘g‘risida»gi qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun joylashtirildi.

O‘zbekiston prezidentining 2019 yil 5 apreldagi qarori bilan 2020 yil 1 yanvardan boshlab tajriba-sinov tariqasida Toshkent shahri va viloyatida ko‘chmas mulk bo‘yicha kadastr muhandisi instituti joriy etilgan edi.

Yangi qaror loyihasida o‘tkazilayotgan sinov jarayoni 2022 yil 31 dekabrga qadar amal qilishi belgilanmoqda.

Hujjat bilan Toshkent viloyati va Toshkent shahrida ko‘chmas mulk bo‘yicha kadastr muhandisining malaka shahodatnomasini berish tartibi to‘g‘risidagi nizom va mazkur ikki hudud kadastr muhandislari tomonidan ko‘chmas mulk obektlariga kadastr yig‘majildi tayyorlash bo‘yicha ko‘rsatiladigan xizmatlar narxining minimal stavkalari tasdiqlanishi belgilangan.

Qaror loyihasida uch oy muddatda kadastr muhandislari tomonidan ko‘chmas mulk obektlariga kadastr yig‘majildini, shu jumladan, birlamchi kadastr yig‘majildini tayyorlash jarayonlarini amalga oshirish imkoniyatini beruvchi hamda Kadastr agentligi tomonidan monitoringi yuritiluvchi maxsus avtomatlashtirilgan axborot tizimini ishlab chiqish nazarda tutilmoqda.

Bunda axborot tizimini ishlab chiqish, ishchi holatini ta'minlash va rivojlantirish Kadastr agentligining budjetdan tashqari jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

Hujjatda manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirishi, tajriba-sinov natijalari bo‘yicha 2022 yil 1 noyabrga qadar Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritishi belgilanmoqda.

Shuningdek, kadastr yig‘majildini tayyorlash jarayonlarini amalga oshirish imkoniyatini beruvchi avtomatlashtirilgan axborot tizimini saqlash va takomillashtirish maqsadida, Kadastr agentligi tomonidan har bir ko‘chmas mulk bo‘yicha so‘rov uchun bazaviy hisoblash miqdorining 10 foizi miqdorida to‘lov undirilishi belgilanishi kutilmoqda.

«Toshkent viloyati va Toshkent shahrida ko‘chmas mulk bo‘yicha kadastr muhandisining malaka shahodatnomasini berish tartibi to‘g‘risida»gi nizomdan malaka imtihonini topshirish, apellyatsiyani ko‘rib chiqish, malaka shahodatnomasini rasmiylashtirish va berish, hujjat amal qilishini tugatish va uni bekor qilish, kadastr muhandislari reyestrini yuritish tartiblarini belgilash masalalari o‘rin olgan.