O‘zbekiston | 08:06 / 04.02.2021
19183
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda YPX inspektori skuter haydovchisiga nisbatan jangovar usul qo‘lladi. IIBB izoh bilan chiqdi

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahrida skuter haydovchisi va YPX inspektori o‘rtasida ro‘y bergan hodisa videosi tarqaldi. Poytaxt IIBB axborot xizmati holat yuzasidan ma'lumot berdi.

Qayd etilishicha, 2021 yil 1 fevral kuni taxminan soat 23:15da Yashnobod tumani Shahrisabz ko‘chasida xizmat olib borgan Toshkent shahar IIBB YHXB YPX inspektori kichik serjant Dilshod Musayev harakat yo‘nalishi shubhali bo‘lgan skuter haydovchisiga to‘xtash haqida ishora bergan. 

Ammo haydovchi ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talabini mensimasdan harakatni davom ettirgan. YPX inspektori sherigi serjant Nuriddin Dosimov bilan birga zarur choralarni ko‘rib, transport vositasini Shahrisabz ko‘chasidagi “Brazzeri” restorani yonida to‘xtatgan. 

Skuterni 32 yoshli Muhammadxo‘ja M. boshqarib borgan. Suhbat davomida inspektorlar haydovchidan kelgan spirtli ichimlik hidini sezib, unga ekspertizadan o‘tishni taklif qilishgan. Haydovchi bunga javoban inspektorlarni haqorat qilib va ularga faol qarshilik ko‘rsatib, transport vositasi boshqaruvidan chetlatishga xalaqit bermoqchi bo‘lgan. Shu sababli, kichik serjant D. Musayev jangovar usul qo‘llagan. 

Keyinchalik, ekspertiza xulosasi haydovchining mast bo‘lganini tasdiqlaganidan so‘ng, unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 131-moddasi bo‘yicha ma'muriy bayonnoma rasmiylashtirildi. Transport vositasi jarima maydonchasiga joylandi.

O‘zbekiston Respublikasining “Ichki ishlar organlari to‘g‘risida”gi qonuniga (21-, 22-moddalar) muvofiq xodim xizmat majburiyatlarini bajarish chog‘ida jismoniy kuch ishlatish huquqiga ega. Ayni vaqtda YPX inspektori tomonidan jismoniy kuch ishlatilishi qonuniy ekanligini tekshirish maqsadida xizmat tekshiruvi olib borilmoqda, deyiladi ma'lumotda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid