«Osmondagi bolalar» loyihasiga bergan intervyusida G‘olibjon animatsiya imkoniyatlari, uni puxta o‘rganish mashaqqatlari haqida gapirib berdi.

«Birovning qo‘liga qarab ishlay olmasligimni tushunganman»

— Yoshligimda oilamizda «faqat va faqat o‘qish» degan tarbiya bo‘lgan, o‘qish uchun barcha sharoit yaratilgan. Dadam hisobchi bo‘lganlari uchun oilada hammamiz o‘zimizni shu yo‘nalishda tasavvur qilganmiz. Men bu sohada ishlab ham ko‘rdim, lekin bu o‘zim xohlagan yo‘nalish emasdi.

Oilada erkatoyroq bo‘lib o‘sgandim. Maktabda, kollejda paxta terimlariga chiqmaganman. Qarindoshimizning yordami bilan ishga kirganimdan keyin esa ataylab paxta terimiga yuborishdi. O‘shanda to‘yimga 10 kun qolgandi. Hasharotlardan qo‘rqardim, meni olib ketinglar deb qarindoshimizga telefon qilganman. Shunda akam: «Hozir mashina yuboraman, seni olib qaytadi, lekin ishdan bo‘shatishadi. Qanday qilib xotiningni boqasan?» deganlari qattiq ta'sir qilgan.

Shundan keyin birovning qo‘liga qarab ishlay olmasligimni, buning uchun boshqa ish topishim kerakligini tushunganman. Avval videomontaj, keyin esa 3D sohasiga kirib keldim. Juda ko‘p vaqtimni o‘rganishga sarflaganman. 3 yilimning har bir kuni o‘rganishga ketgan. YouTube'da boshlang‘ich darslarni o‘rganish mumkin. Yuqoriroq darajalarni o‘rganish uchun esa dasturlarni sotib olishingiz kerak.

2018 yilda qo‘shiqchilardan birining klipida animatsiyalarni tayyorlab berganimdan keyin ishlarim yurishib ketgan. O‘shanda 15 ming dollarga baholangan ishni 400 dollarga qilib berganman. Lekin aynan o‘sha ishim orqasidan 15 ming dollardan ko‘proq pul topganman, juda ham ko‘p buyurtma kelgan.

Animatsiya nima?

— Animatsiya montajdan farqli soha. U – 3D yo‘nalishlaridan biri. Uning arxitekturadan farqi shundaki, real muhit kayfiyatini yaratib berishi kerak. Arxitektura loyihasida hamma narsa toza va ideal holatda bo‘ladi. Bizda esa bunday emas. Muhitni real, hayotdan olingandek ko‘rsatish uchun binolarni sal nuraganroq holda, ko‘chalarni baklajka yotgan holatda tasvirlash kerak. Klip, kino va roliklarda iloji yo‘q narsalar, xayoliy dunyo hosil qilinadi.