Norma’ning yozishicha, quyidagilar tashkil etildi:
- qishloq xo‘jaligi tarmoqlarida ta'lim, ilm-fan, ishlab chiqarish va qishloq xo‘jaligi sub'yektlariga zamonaviy agroxizmatlar ko‘rsatishning uzviy tizimini o‘zaro bog‘laydigan Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzurida Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi;
- Qishloq xo‘jaligi sohasida ta'lim, ilm-fan va ishlab chiqarishning uzviy integratsiyasini ta'minlash bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi kengash;
- Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi.
Milliy markaz Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat ta'minoti ilmiy-ishlab chiqarish markazi, «Agroinnovatsiya» DUK, G‘o‘za urug‘chiligi markazi negizida tashkil etiladi. Milliy markaz Muvofiqlashtiruvchi kengashning ishchi organi hisoblanadi va quyidagilarni amalga oshiradi:
- o‘z tizimidagi ilmiy-tadqiqot muassasasi faoliyatiga bevosita rahbarlik qiladi;
- chorvachilik yo‘nalishlari, o‘rmon va suv xo‘jaligi, ipakchilik sohalarida faoliyat yurituvchi ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan hamkorlikdagi faoliyatni yo‘lga qo‘yadi;
- qishloq xo‘jaligi sohasidagi oliy va professional ta'lim muassasalarining ilmiy va innovatsion faoliyatini muvofiqlashtiradi.
2021 yildan boshlab Muvofiqlashtiruvchi kengash 2021 yil 1 aprelga qadar Qishloq xo‘jaligining ustuvor yo‘nalishlari, global, mintaqaviy va hududiy muammolarning ilmiy yechimlarini tadqiq qilish bo‘yicha keyingi 5 yilga mo‘ljallangan dastur ishlab chiqadi. Besh yillik dasturda nazarda tutilgan yo‘nalishlar qishloq xo‘jaligi sohasida ilmiy loyihalar bo‘yicha davlat buyurtmalarini shakllantirish uchun Innovatsion rivojlanish vazirligiga taqdim etiladi.
Shuningdek quyidagilar tashkil etiladi:
a) 2021–2022 yillarda:
Respublika agroxizmatlar markazi;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar agroxizmatlar markazlari;
b) 2022 yildan boshlab bosqichma-bosqich qishloq tumanlarida tuman agroxizmatlar markazlari tashkil etiladi.
Hududiy agroxizmatlar markazlari Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat ta'minoti ilmiy-ishlab chiqarish markazining hududiy bo‘linmalari negizida tashkil etiladi.















