Oxirgi vaqtlarda Masharipov atrofida ko‘plab mish-mishlar aylanmoqda. U mavsum yakunlanishi bilan BAAga jo‘nab ketdi va hatto o‘zi O‘zbekistonning eng yaxshi futbolchisi mukofotini qo‘lga kiritgan marosimda ham qatnashmadi. Avvaliga u Saudiya Arabistonining «An Nasr» klubiga o‘tdi. Jamoadagi transfer taqiqi sabab (bu haqda futbolchidan suhbat davomida bildik) BAAning «Shabob Al Ahli» jamoasiga ijaraga berildi.

Bu bizning uchinchi tomon sifatida bilganlarimiz. Xo‘sh, Masharipovning o‘zi bu voqealar haqida nima deydi? Suhbat davomida futbolchidan shu va yana ko‘plab masalalar haqida so‘radik.
«Trabzon»ning taklifi qanday paydo bo‘lgandi?
Esingizda bo‘lsa, bir necha oy avval suhbatlashganimizda Masharipov o‘ziga Turkiya klubidan qiziqish bo‘layotgani haqida gapirgandi. Jaloliddin o‘sha damlarni esladi: «Trabzon»da Shotani hamma biladi, undan intervyu olishganda, ishlayotgan chempionatidagi yaxshi futbolchilar haqida so‘rashgan. Shota [Arveladze] esa meni maqtab, dunyoning kuchli chempionatlarida ham o‘ynay olishimni aytgan. Keyin ular men haqimda ma'lumot to‘plab, klub bilan aloqaga chiqishgan, o‘rtada qanaqadir summalar aytilgan.
Bularni o‘sha paytda klubning o‘zi gaplashgan va ular menga shaxsan aloqaga chiqmagan. Ja'far aka doim senga qiziqish ko‘p derdi, lekin men qaysi klub deb so‘ramasdim. Jalol bilmasin, eshitib xayoli chalg‘imasin, deb menga bildirishmasdi. Chunki har bir taklifdan keyin meni qo‘yib yuborishlarini so‘rardim».
Qizil kartochkalar...
Masharipovdan OChL doirasidagi «Persepolis»ga qarshi o‘yinda olgan qizil kartochkasi haqida so‘ramasak, bo‘lmasdi. Shuningdek, u chempionatda ham bir marta chetlashtirish olib ulgurdi: «Chempionlar Ligasida «Persepolis» bilan o‘yindan oldin yechinish xonasida yigitlarga «Paxtakor» bu yergacha 10 yildan beri kelmagani, tarix yaratishimiz mumkinligi haqida gapirib, murabbiyning ishini qildim, desa ham bo‘ladi. O‘lsak ham shu maydonda o‘laylik dedim. O‘shanda uchta jamoa ham ishqilib «Paxtakor»ga tushmaylik deb turgandi, bizga esa kim bilan tushishning qizig‘i yo‘q edi.

«Persepolis»ning o‘yinlarini tahlil qilganda, ular asosan qarshi hujum orqali bitta gol urib keyin himoyaga «yotib olishini» payqadik va bizga maydon markazida to‘p yo‘qotilsa, mayda fol ishlatish yoki to‘pni maydon tashqarisiga chiqarib yuborish kerakligi aytilgandi. O‘sha vaziyatda ham to‘pni chiqarib yubormoqchi edim, lekin ulgurmadim, eronlik futbolchi oyog‘ini qo‘yishga ulgurgan edi. G‘alabaga bo‘lgan ishtiyoq kuchliligidan biroz qizishib ketdim desam ham bo‘ladi.

















