
Toshkent shahri bojxonachilari «Toshkent-tovar» va «Chuqursoy texnik-idora» bojxona posti xodimlari bilan hamkorlikda Namangan viloyatida faoliyat yurituvchi jamiyat nomiga xorijdan keltirilgan yuk konteynerini ko‘zdan kechirdi.
Natijada, konteynerlarda hujjatlarda ko‘rsatilmagan, umumiy qiymati 593 mln so‘mlik 7 turdagi dori vositalari, tibbiyot buyumlari hamda xo‘jalik mollari borligi aniqlandi.
Navbatdagi holatda esa «Chuqursoy» TIF bojxona postida «qizil» yo‘lakka yo‘naltirilgan tovarlar tegishli hujjatlar asosida bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganda, bojxona yuk deklaratsiyasida ko‘rsatilmagan 2 turdagi umumiy qiymati 710 mln so‘mlik xo‘jalik tovarlari borligi aniqlandi.
Yana bir holatda esa, «Chuqursoy texnik idora» temir yo‘l chegara bojxona posti xodimlari tomonidan Andijon viloyatida faoliyat yurituvchi jamiyat nomiga keltirilgan yuk konteyneri bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganda, yo‘l yuk kuzatuv hujjatlarida ko‘rsatilmagan dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra 61 mln so‘mlik turli tovarlar borligi aniqlandi.
Bu holatlar yuzasidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilmoqda.
«HOWO» operatsiyasi fosh etildi

Toshkent shahar bojxonachilari hujjatlarda 2020 yilda ishlab chiqarilgan deya ko‘rsatilgan 4 dona yuk tashuvchi transport vositalarini ekspertizadan o‘tkazdi.
Natijada, mazkur transport vositalari 2020 yilda emas, 2018 yilda ishlab chiqarilgani va bojxona rasmiylashtiruvi jarayonida «Tovarlar O‘zbekiston Respublikasi bojxona hududiga amalda olib kelinishi paytigacha bojxona organlariga dastlabki bojxona deklaratsiyasini taqdim etish tartibi to‘g‘risida»gi Nizom talablariga zid ravishda, bojxona to‘lovlaridan berilgan imtiyozlar amal qilish muddati tugagani sababli bojxona to‘lovlaridan 3 mlrd so‘mlik imtiyozlardan noto‘g‘ri foydalanilgani fosh etildi.
Ma'lum bo‘lishicha, mazkur transport vositalari 2018 yilda O‘zbekistonga olib kelinib, 2020 yilning noyabr oyiga qadar «bojxona ombori» bojxona rejimiga rasmiylashtirilib, bojxona nazorati ostida bo‘lgan. So‘ngra transport vositasining egasi tashqi savdo shartnomasi shartlari bajarilgan bo‘lsa-da, mazkur transport vositalarini «gaz» yonilg‘isida harakatlanadigan, 2020 yilda ishlab chiqarilgan boshqa transport vositalariga almashtirishi lozimligi vajini ko‘rsatib, transport vositalarini «reeksport» bojxona rejimiga rasmiylashtirgan holda, respublika hududidan olib chiqib ketgan hamda biroz muddatdan keyin transport vositalarining hujjatlarida ishlab chiqarilgan yilini «2020 yil» deya ko‘rsatib, mamlakatga qayta olib kirib, «Erkin muomalaga chiqarish» bojxona rejimiga rasmiylashtirish uchun bojxona yuk deklaratsiyasi va boshqa hujjatlarni taqdim etgan.















