O‘zbekiston | 13:40 / 11.02.2021
45916
4 daqiqa o‘qiladi

Bosh prokuratura Otabek Sattoriy ishi bo‘yicha bayonot berdi. Bloger ustidan 7 holat bo‘yicha murojaat kelib tushgan

Surxondaryolik bloger Otabek Sattoriy Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning uchta moddasi bo‘yicha aybli deb topilib, unga jarima qo‘llangan. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.

Surxondaryo viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi O.Sattoriyga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi yuzasidan tergov o‘tkazmoqda. Tergov davomida sud ajrimi bilan O.Sattoriyga nisbatan «qamoqqa olish» tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan.

Bosh prokuraturaning ma'lum qilishicha, bugungi kunda tergov organiga 7ta holat bo‘yicha O.Sattoriyning xatti-harakatlari ustidan murojaatlar kelib tushgan bo‘lib, hozirda bu holatlarga tergov yo‘li bilan oydinlik kiritilmoqda.

Jinoyat ishining qo‘zg‘atilishi qonuniyligi o‘rganilganda, viloyat IIB huzuridagi TB tomonidan qonun buzilishi holatlariga yo‘l qo‘yilgani aniqlanmagan. Tergov ustidan Bosh prokuratura tomonidan nazorat o‘rnatilgan.

O.Sattoriy Jinoyat ishlari bo‘yicha Termiz shahar sudi tomonidan Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 40- (Tuhmat), 41- (Haqorat qilish), 202-2-modda (Yolg‘on axborot tarqatish)lari bilan aybli deb topilib, unga BHMning 40 baravari (9,8 million so‘m) miqdorida jarima jazosi tayinlangan.

Izohlanishicha, bunga uning «2021 yil yanvar oyida ijtimoiy tarmoqlarda «Denov ko‘mir ombori» hamda Termiz shahridagi hayvonot bog‘i xodimlari mulklarni o‘zlashtirish va boshqa noqonuniy harakatlar sodir etganliklari haqida haqorat va tuhmatlardan iborat yolg‘on axborot tarqatgani» sabab bo‘lgan.

Ma'lumot uchun, bungacha blogerga nisbatan faqat bitta – tovlamachilik aybi (Jinoyat kodeksi 165-modda) qo‘yilayotgani ma'lum edi. Tergov departamenti u 5 mln so‘mlik telefonni tovlamachilik yo‘li bilan olayotgan vaqtida qo‘lga olinganini xabar qilgandi. Organga ko‘ra, Sattoriy Sherobod tumanidagi dehqon bozorida telefoni sinib qolganini aytib, bozor rahbaridan yangi telefon olib berishini talab qilgan, aks holda bozordagi salbiy holatlar tushirilgan videolarni internetda tarqatish bilan tahdid qilgan.

Deputat Rasul Kusherbayev voqea aslida boshqacha bo‘lganini aytmoqda. Unga ko‘ra, Otabek bir necha oy oldin Sherobod tumanidagi dehqon bozorida narx-navolarni telefonga olayotganida bozorning bir nechta zo‘ravon xodimlari uni urib, telefonini sindirib tashlagan. U IIBga arz qilgan; tuman hokimi esa unga voqealarni internetga chiqarmaslikni so‘rab, evaziga tovon tariqasida yangi telefon olib berishlarini va'da qilgan. Sindirilgan telefoni o‘rniga yangisini olgan vaqtida esa qo‘lga olingan.

Blogerning huquq organlari tomonidan ko‘pchilik bo‘lib ushlab olib ketilishi videosi internetda tarqalgach, jamoatchilikda savollar uyg‘ona boshladi.

Tovlamachilik uchun eng og‘ir ehtiyot chorasi (qamoq) tanlangani, sud yopiq tarzda bo‘lib o‘tgani va shu kabi yana qator holatlar e'tirozlarga sabab bo‘lmoqda. Mass-media fondi raisi Komil Allamjonov, Buyuk Britaniya elchisi Tim Torlot va AQShda joylashgan Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi Otabek Sattoriyning qamoqqa olinishini qoralab bayonot berdi.

Mavzuga oid