«Uch yildan beri buyrak yetishmovchiligidan aziyat chekib, bir yildan beri gemodializ muolajasini qabul qilib yurgan Mastura Fayziyeva dardiga davo izlab bormagan joyi qolmagandi. Uning oldida ikki yo‘l turardi: umrining oxirigacha gemodializ muolajasini qabul qilish yoki buyrak transplantatsiyasini amalga oshirish. Bu ikkki chorani ko‘rish ham ikki nafar farzandning onasi uchun moddiy tomondan qiyinchiliklar tug‘dirardi.

Unga buyrak transplantatsiyasi jarrohlik amaliyotini faqat chet elda amalga oshirish mumkinligini aytishgandi. Farzandlarining baxtu kamolini ko‘rish, ularning boshida panoh bo‘lishni istagan ona yashab turgan uyini sotishga qaror qilgandi. Shunday kunlarning birida «Bor mehrimiz shu Vatan, shu xalq uchun!» shiori ostida o‘tayotgan salomatlik aksiyasi doirasida Namangan viloyatida bo‘lib turgan poytaxtlik shifokorlar mahalliy hamkasblari bilan birgalikda uning holidan xabar olib, uyiga kirib kelishdi...», deyiladi SSV matbuot xizmati xabarida.

Ma'mura Yigitaliyeva opasi Mastura Fayziyevaga donorlik qiladi.

«Men uchun buyrak ko‘chirib o‘tkazish amaliyotini Toshkent shahrida, hech qanday to‘lovsiz, beminnat qilib berishlarini aytishganida holatimni tasavvur qila olmaysiz. Bu Allohning menga bergan inoyati edi. Shunday og‘ir ahvolda turganimda shifokorlar kelib, mushkulimizni oson qilishdi. «Prezidentimizning topshirig‘i bilan sizlarga yordam bergani keldik», deyishganida iltijolarim Yaratganga yetib, o‘zi dardimni oluvchilarni yuborganini ko‘nglim sezdi. Ungacha ikki bolamning taqdiri nima bo‘lishini o‘ylab, xavotirda edim. 

Menga buyrak ko‘chirib o‘tkazishlari aniq bo‘lganida, o‘g‘lim: «Men ham katta bo‘lsam, sizni davolaydigan odamlarday jarroh bo‘laman», dedi. Bilasizmi, endi bolalarimning orzularini ko‘rish uchun ham hayotga umidim oshib ketdi», deydi bemor.

Salomatlik aksiyasi doirasida opa-singil birgalikda Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga olib kelingan.

«Jigaring yoningda dard bilan olishib tursa, chiday olmas ekan odam. Otamizning yoshlari 75ga yetgan bo‘lsa ham chora izlab bormagan joylari qolmadi. Aka-opalarimizdan qay birimizniki to‘g‘ri kelsa, buyragimizni berishga rozi edik. Mana, kelganimizdan beri shifokorlar shirin so‘zlarini ayashmayapti. Hammalari yuzlari tabassum bilan palatamizga kirib kelishadi. To‘g‘risi, bularni ko‘rib, erta-indin operatsiyaga kirishimiz kerak, degan qo‘rquv ham o‘z-o‘zidan qanday yo‘qolganini sezmay qoldim», deydi Ma'mura Yigitaliyeva.