O‘zbekistonda nogironligi bo‘lgan bolalar salomatligi oyligi boshlandi
Aksiya 7 iyulga qadar davom etadi.
O‘zbekiston prezidenti tashabbusi bilan joriy yil mamlakat bo‘ylab tug‘ma yurak nuqsonidan aziyat chekayotgan 2 ming nafar bemor bolada bepul yuqori texnologik operatsiyalar o‘tkazilmoqda.
Buning uchun davlat tomonidan 64 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ yo‘naltirilib, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning 18 yoshgacha bo‘lgan farzandlarida navbatsiz, imtiyozli yo‘llanmasiz, eng malakali shifokorlar tomonidan jarrohlik amaliyotlari bajarilyapti.
SSV matbuot xizmati xabar berishicha, mazkur ezgu tashabbusning davomi sifatida Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan mamlakatda ilk bor «Dispanser nazoratida turgan hamda nogironligi bo‘lgan bolalar salomatligi oyligi» boshlandi.
Shu yil 7 iyundan 7 iyulga qadar bo‘lib o‘tadigan mazkur aksiya davomida surunkali va og‘ir xastaliklarga chalinib, tibbiy yordamga muhtoj bo‘lgan bemor o‘g‘il-qizlar chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘riklardan o‘tkaziladi.
«Dastlab Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahar va viloyatlardagi oilaviy poliklinikalar va oilaviy shifokor punktlarining patronaj va amaliyot hamshiralari tomonidan o‘z uchastkasidagi dispanser nazoratida turgan hamda nogironligi bo‘lgan bolalar bazasi shakllantiriladi. Shundan so‘ng maxsus tibbiy brigadalar tomonidan chuqurlashtirilgan tekshiruvlar o‘tkaziladi», deydi sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Elmira Bositxonova.
Xususan:
- ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalar mutaxassislari jalb qilingan holda oilaviy poliklinika va oilaviy shifokor punktlarida tibbiy ko‘riklar tashkil etiladi;
- xonadonlarda tibbiy-diagnostika muolajalari amalga oshiriladi;
- zarurat bo‘lganda KTMPda tekshiruvlar o‘tkaziladi.
Shuningdek, tibbiy ko‘riklarga Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, Bolalar milliy tibbiyot markazi hamda hududiy ko‘p tarmoqli bolalar tibbiyot markazlarining eng malakali mutaxassislari jalb etiladi.
Tekshiruvlarda aniqlangan kasalliklar bo‘yicha har bir bola salomatligini tiklash va mustahkamlash choralari ko‘rilib, ular uchun alohida sog‘lomlashtirish rejasi tuziladi.
Unga ko‘ra:
- bemor bolalarning bir guruhi uy sharoitida;
- birlamchi bo‘g‘indagi kunduzgi shifoxonalarda ambulator holatda;
- statsionar yordamga muhtoj bemorlar tuman, shahar hamda viloyat miqyosidagi tibbiyot muassasalarida davolanadi.
Bundan tashqari, yuqori texnologik tibbiy yordamga ehtiyoji bor bolalarga viloyat va respublika muassasalariga imtiyozli yo‘llanmalar taqdim etiladi.
Mavzuga oid
16:47 / 01.03.2021
Hududlarda salomatlik aksiyasi davom etmoqda. Vazirlik guruhi Toshkent viloyatiga bordi
12:24 / 25.02.2021
Salomatlik aksiyasi doirasida namanganlik bemorlarda buyrak transplantatsiyasi operatsiyasi muvaffaqiyatli amalga oshirildi
12:04 / 16.02.2021
«Yaratgan o‘zi dardimni oluvchilarni yubordi» – Salomatlik aksiyasi doirasida namanganlik uch bemorda buyrak transplantatsiyasi amalga oshirilmoqda
14:53 / 12.05.2019