Jamiyat | 12:24 / 25.02.2021
3298
2 daqiqa o‘qiladi

Salomatlik aksiyasi doirasida namanganlik bemorlarda buyrak transplantatsiyasi operatsiyasi muvaffaqiyatli amalga oshirildi

Buyrak ko‘chirib o‘tkazilgan namanganlik bemorlardan biriga uyiga javob berildi.

SSV matbuot xizmati «Bor mehrimiz shu vatan, shu xalq uchun!» shiori ostida Namangan viloyatida o‘tkazilgan salomatlik aksiyasi doirasida amalga oshirilgan ishlar haqida ma'lumot berdi. 

Vazirlik guruhining viloyatga safari doirasida uch nafar bemor buyrak transplantatsiyasi amalga oshirish uchun Toshkentga olib kelingandi. Hozirda bu bemorlardan ikki nafarida muvaffaqiyatli jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi.

«Mamlakatning tibbiyot sohasidagi eng malakali mutaxassislari har bir tumanda mahallabay tartibda uyma-uy yurib, tibbiy yordamga muhtoj aholi qatlamlariga joyida malakali tibbiy xizmat ko‘rsatishdi hamda bemorlarning holatiga, kasallik darajasiga qarab, tegishli muolajalarni amalga oshirishdi. 

Aksiya doirasida 3 nafar bemorda noyob buyrak transplantatsiyasi amaliyotlari o‘tkazilayotgani haqida xabar bergan edik.

Bir hafta oldin To‘raqo‘rg‘on tumanida yashovchi 53 yoshli Valijon Ismoilovda buyrak transplantatsiyasi amaliyoti o‘tkazildi. 26 yoshli Odiljon Ismoilov otasiga donorlik qilgan. 

Jarrohlik amaliyotidan muvaffaqiyatli chiqqan ota-bola Ismoilovlar 23 fevral kuni Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazidan o‘z uyiga yo‘l oldi», deyiladi vazirlik xabarida.

«Jarrohlik amaliyotiga bir hafta bo‘ldi. O‘zimni juda yaxshi his qilyapman. Buyrak ko‘chirib o‘tkazilishi haqida o‘ylaganimizda juda xavotirga tushgan edik. Ammo biz o‘ylaganimizdan yengil o‘tdi operatsiya. Biz uchun kuyinib, salomatligimizni tiklashga yordam bergan, boshimizda parvona bo‘lgan, xonadonimizgacha borib holimizdan xabar olgan fidoyi insonlarga minnatdorchiligimni bildiraman», deydi Valijon Ismoilov.

Shuningdek, buyrak transplantatsiyasi amaliyoti o‘tkazilishi kerak bo‘lgan ikkinchi bemor Mastura Fayziyevada ham operatsiya muvaffaqiyatli o‘tgan. 

Mavzuga oid