Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan tashkil etilgan forumda tayyor ilmiy ishlanmalar va yangi buyurtmalar bo‘yicha mahalliy budjet mablag‘lari hisobiga moliyalashtiriladigan 105 mlrd so‘mlik jami 197ta ish rejasi tasdiqlanadi. Bundan tashqari, tadbir davomida hududlar kesimida saralab olingan 37ta innovatsion mahsulotlar ko‘rgazmasi ham tashkil etildi.
Vazirlikning Tijoratlashtirish boshqarmasi boshlig‘i Jamoliddin Boboxonov O‘zbekistonda bunday forum ilk marta o‘tkazilayotgani va ko‘rgazmada qishloq xo‘jaligi, tibbiyot va farmatsevtika, qurilish, transport va energetika sohalarida yangi ilmiy ishlanmalar taqdim etilganini ma'lum qildi. Shuningdek, innovatsion mahsulotlar ishlab chiqarishni joriy qilish va sanoat namunalarini tayyorlashni moliyalashtirishga davlat budjeti mablag‘lari yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan.



«Tijoratlashtirish forumida davlatimiz tomonidan 37ta loyihaga pul mablag‘i ajratilmoqda. 19 mlrd so‘m Innovatsion rivojlanish vazirligining Tijoratlashtirish boshqarmasi orqali budjet hisobidan, 1,9 mlrd so‘m iqtisodiyot tarmoqlari boshqaruvi organlari va xususiy sektor tomonidan beriladi. Yil mobaynida ushbu loyihalarni amalga oshirishni kuzatib, monitoring qilib boramiz. 2021 yilning noyabrida o‘tkaziladigan forumda buning natijasini ko‘ramiz», dedi boshqarma boshlig‘i.


Taqdim etilgan loyihalar orasida energetika sohasida yong‘inni tezkor o‘chiruvchi, neft mahsulotlari bug‘lanib ketishini 3 baravarga kamaytiruvchi ponton ishlanmasini ko‘rish mumkin.
«Oddiy po‘choqlardan faollashtirilgan ko‘mir olish loyihasi ham tijoratlashtirish jarayonida. Bu loyiha aholi uchun ham juda foydali, chunki ishlab chiqaruvchi uyiga borib ulardan sotib oladi.
Bundan tashqari, mobil tuproqshunoslik klinikasi loyihasi ham bor. Bino yoki inshootda emas, avtomobilda joylashgan bu klinika o‘zi borib tuproq tarkibini o‘rganishda yordam beradi. Yaqinda Chust tumanida shu usulni joriy etish amalga oshiriladi.

























