Qurilish vazirligi Buxoro viloyati hududida tadbirkorlar tomonidan olib borilgan qurilishlarni o‘rganib, ayrimlaridagi xato va kamchiliklar haqida ma'lumot berdi.
1. Buxoro shahri I.Karimov (Mustaqillik) ko‘chasi 24/1-uy manzilida joylashgan «BELUGA STORY AND BURGERS» MChJ tomonidan qurilayotgan 1 va 2-qavatlarida savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish majmuasi joylashgan ko‘p qavatli ko‘p xonadonli turar joy binosi o‘rganilganda qavatlararo yopmalarda – ikkinchi qavat yopmalar qoplamalarida tabiiy qor va yomg‘irlardan keyingi asoratlar va mog‘orlar hosil bo‘lgani, ustun va to‘sinlarning burchaklari uchib ketgani aniqlangan.

«Binoning tashqi devorlari qurilish normativlariga mos loyihalashtirilmagan. Binoning tashqi devor konstruksiyalarida loyiha va vizual tekshirishda deraza darchalarini mustahkamlash choralari ko‘rilmagan. To‘sinni seysmik belbog‘ga bog‘lovchi armaturaviy ankerlar o‘rnatilmagan. Beton mustahkamligi g‘isht terish uchun sementli qorishmaning mustahkamligi bo‘yicha laboratoriya sinovlari o‘tkazilmagan bo‘lib, yashirin ishlar dalolatnomasi va umumiy payvandlash beton ishlari jurnali yuritilmagan. Binoning asosiy konstruksiyalari (ustun va rigel) beton markasi aniqlanganda, loyihada ko‘rsatilganidan boshqa markadagi betondan foydalanilgani ma'lum bo‘lgan. Umuman olganda, binoning zilzilabardoshligiga ta'sir ko‘rsatadigan konstruktiv nuqsonlar aniqlangan», deyiladi vazirlik ma'lumotida.
Yuqorida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish uchun Buxoro viloyati qurilish sohasidagi hududiy nazorat (QSHN) inspeksiyasi tomonidan bajarilishi majburiy bo‘lgan yozma ko‘rsatmalar berilgan va ijrosi nazoratga olingan.
2. Buxoro shahri G‘ijduvon ko‘chasi manzilida joylashgan «METRIC VENTURES» MChJ tomonidan qurilayotgan mehmonxona binosi o‘rnatilgan tartibda inspeksiyani xabardor qilmasdan qurilish-montaj ishlari boshlagani sababli Buxoro viloyat QSHN inspeksiyasi tomonidan ogohlantirish xati berilgan. Qavatlararo yopmalarda – oxirgi qavat yopmalar qoplamalarida esa tabiiy qor va yomg‘irlardan keyingi asoratlar va mog‘orlar hosil bo‘lgan.

Binoning asosiy konstruksiyalari (ustun va rigel) beton markasi aniqlanganda, loyihada ko‘rsatilganidan boshqa markadagi betondan foydalanilgani oydinlashgan. Ustun va to‘sinlar tutash qismda montaj vaqtida montaj penasidan foydalanilgan, ko‘p tugunlarda montaj penasining ko‘payib ketgani uchun tugunda g‘ovaklar hosil bo‘lgan.













