«Yuksalish» umummilliy harakati Oliy Majlis Senati bilan hamkorlikda «Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili» Davlat dasturi ijrosi bo‘yicha onlayn monitoring olib borish maqsadida maxsus platforma (jamoatchilik.uz)ni ishga tushirgan edi. Davlat dasturi doirasida joriy yilning fevral oyida 7ta band bo‘yicha vazifalar ijrosi ko‘zda tutilgan.
Monitoring davomida 2021 yil yanvaridan buyon davlat dasturining 8ta bandi ijrosi ta'minlangani ma'lum bo‘ldi. Shundan, 5ta band muddatidan avval bajarilgan.
O‘z navbatida, fevral oyida bajarilishi lozim bo‘lgan 4ta band bo‘yicha ijro muddatlariga amal qilinmagan.
Jumladan, 73-band yuzasidan Vodorod energetikasi texnologiyalari ilmiy-amaliy innovatsion markazini tashkil etish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi prezidentining qarori loyihasi o‘z vaqtida qabul qilish uchun kiritilmagan.
151-band bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi prezidentining «Yoshlarning tadbirkorlik tashabbuslari, startap va g‘oyalarini yanada qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori loyihasi ishlab chiqilgan bo‘lib, loyiha o‘z vaqtida qabul qilish uchun kiritilmagan.
184-bandda ko‘zda tutilgan aholiga davlat tomonidan bepul tibbiy xizmatlar va dori vositalari bilan kafolatlangan paket doirasida tibbiy xizmat ko‘rsatish tizimini bosqichma-bosqich amaliyotga joriy etish chora-tadbirlari bajarilmadi. Bunda, kafolatlangan paketga kiritiladigan tibbiy xizmatlar va dori vositalari ro‘yxatini ishlab chiqish va tasdiqlash, Sirdaryo viloyatida tajriba-sinov tariqasida aholiga kafolatlangan paket doirasida tibbiy xizmatlar ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish nazarda tutilgan.
218-band bo‘yicha Madaniy meros obektlarining hisobini yuritish, saqlash va himoyasini ta'minlash bo‘yicha dastur qabul qilinmagan.
Bugungi kungacha yuqoridagi to‘rtta band ijrosiga mas'ul vazirlik, idoralar tomonidan ijro muddati kechiktirilgani yoki qo‘shimcha ishlanishi belgilangani haqida jamoatchilikka tushuntirish berilmagan.














