Chempionlar ligasi. 1/8 final. Javob o‘yini
«Yuventus» (Italiya) — «Portu» (Portugaliya) — 3:2, q.v. (0:1, 2:0, 1:1)
Gollar: Serjiu Oliveyra, 19 — penalti (0:1). Keza, 49 (1:1). Keza, 63 (2:1). Serjiu Oliveyra, 115 (2:2). Rabo, 117 (3:2).
«Yuventus»: Shchensni, Bonuchchi (de Ligt, 75), Aleks Sandru, Merix Demiral, Remsi (Makkenni, 75), Rabo, Artur (Bernardeski, 102), Krishtianu Ronaldu, Kuadrado, Morata, Keza (Kulushevski, 102).
«Portu»: Marchesin, Pepe, Mbemba, Manafa, Sanusi (Dias, 71), Serjiu Oliveyra (Diogu Leyte, 118), Otaviu (Sarr, 61), Uribe (Gruich, 90), Korona (Lum, 118), Marega (Martines, 106), Torimiy.
Ogohlantirishlar: Otaviu, 45+2. Torimiy, 52. Keza, 90+3. Kuadrado, 92. Serjiu Oliveyra, 97. Bernardeski, 103. Rabo, 114. Mbemba, 120+2.
Chetlatish: Torimiy, 54.
Sudya: Kaypers (Niderlandiya).
9 mart. Turin. «Allyans» stadioni.
Birinchi o‘yin — 1:2.

Qariyb uch yil muqaddam, 2018 yil yozida «Yuventus»  Krishtianu Ronalduni «Reala»dan 117 mln yevro evaziga sotib olgandi, turinliklar portugaliyalik mergan yordamida Chempionlar ligasida g‘olib bo‘lishni maqsad qilishgandi. 2015 va 2017 yillardagi finallardagi omadsizliklardan keyin jamoa rahbariyati klubga muhim o‘yinlarni hal qiluvchi figura yetishmayapti, degan qarorga kelgandi. Ammo, qanchalik g‘alati ko‘rinmasin, Ronaldu kelganidan keyin «Yuventus» yanada kuchsizlanib, jamoaning natijalari yildan yilga pasayib bormoqda. Jamoa 2018/2019 yilgi mavsumda chorak finalda sensatsion ravishda «Ayaks»ga yutqazib turnirni tark etdi, 2019/2020 yilgi mavsumda – Yevropa miqyosidagi boshqa bir o‘rtamiyona jamoa «Liona» klubni 1/8 finaldayoq turnirdan chiqarib yubordi, bu mavsumda ham nimchorak finalda – yana kuchli beshlikdagi ligalar vakili bo‘lmagan «Portu»ga sharmandalarcha mag‘lub bo‘lindi.

«Yuventus» bosh murabbiyi Andrea Pirlo javob o‘yini uchun g‘alati sxema tanladi. Bu safar turinliklar to‘pga egalik qilgan holda uch nafar markaziy himoyachi bilan o‘ynashmadi. O‘ng qanot to‘liq Xuanu Kuadradoga berildi, chap qanotda Aleks Sandro va Federiko Keza almashib harakatlanishdi. Chap qanotdagilar ko‘proq markazga yaqin o‘ynashdi. Ammo Kuadradoning sa'y-harakatlari bilan «Keksa sinora» tanaffusgacha ikki marta «yuz foizlik» vaziyat yaratdi: ammo «Portu»ning argentinalik posboni Agustin Markesin Alvaro Morataning qiyin zarbalarini bartaraf eta oldi.

Umuman olganda, «Yuventus» bu safar ham yaxshi o‘yin g‘oyasiga ega bo‘lmagan jamoadek ko‘rindi. «Portu» himoyachilari ortiga ko‘plab uzatmalar berildi, ammo mehmonlar barcha urinishlarni oson bartaraf etishdi. Faqatgina Ronalduning va boshqa hujum yetakchilarining individual harakatlariga hamda standart vaziyatlarga umid qilish mumkin edi. Turinliklar to‘pni yo‘qotgach, uni qaytarib olish uchun yetarlicha tajovuzkorlik ko‘rsatishmadi, yevrokubok o‘yinlarida esa sifatli pressingsiz g‘olib bo‘lish qiyin. «Ajdarlar» xavfli qarshi hujumlar uyushtirishdi. Eronlik forvard Mahdi Torimiy dastlab to‘sinni ko‘zladi, keyin Merix Demiral bilan to‘p uchun kurash vaqtida yiqilib, penalti ishladi. Voysex Shchensni to‘p yo‘nalishini topa olmadi, Serjiu Oliveyra hisobni ochdi. Portugallar birinchi bo‘limda raqibdan har tomonlama ustun edi – 9:7 (aniq zarbalar bo‘yicha – 4:4). Ronaldu faqat bir marta zarba bera oldi (noaniq), u Portudagi o‘yinda 90 daqiqa davomida ham faqat bir bor zarba yo‘llagandi.