Prezidentning “Xalqaro tajriba va standartlar asosida fuqarolarning mehnat huquqlarini himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Sanoat va savdo, qishloq xo‘jaligi, qurilish hamda boshqa barcha iqtisodiy va ijtimoiy sohalarda mehnat va mehnatni muhofaza qilish, mehnat gigiyenasi tartib-taomillariga qat'iy rioya etilishini ta'minlash maqsadida, fuqarolar mehnat huquqlarini ta'minlash tizimini takomillashtirishning asosiy yo‘nalishlari deb quyidagilar belgilanadi:

a) an'anaviy usullar bilan bir qatorda mehnat qonunchiligi buzilishiga olib keluvchi omillarni aniqlash, tahlil qilish va oldini olishga qaratilgan ogohlantiruvchi, manzilli hamda nostandart yondashuvga asoslangan ish beruvchilarga konsultativ va metodologik ko‘maklashishga qaratilgan samarali mexanizmlarni joriy etish. Bunda:

fuqarolar, ish beruvchilar va jamoatchilik bilan ochiq muloqot hamda o‘zaro hamkorlikni tartibga solish vositalarini takomillashtirish;

xavfni tahlil etish tizimi orqali aniqlangan xavfi yuqori bo‘lgan korxonalarda manzilli dastur asosida, boshqa korxonalarda esa ish beruvchilar tashabbusi bilan ularga mehnat, mehnatni muhofaza qilish va mehnat gigiyenasi masalalari bo‘yicha talablarni bajarishga ko‘maklashish;

ortiqcha ma'muriy tartibga solishni kamaytirish orqali qonunbuzilishlar aniqlanganda, bunga sabab bo‘layotgan omillarni aniqlash va bartaraf etish yuzasidan yangicha uslublar joriy etish;

ish beruvchilarga o‘zlari mehnat, mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlari asosida faoliyat olib borayotganini, fuqarolarga uning mehnat huquqlari buzilganini mustaqil aniqlash imkonini beruvchi, “xavfni tahlil etish” tizimini aniqlashda ijobiy ta'sir etuvchi va tekshirishlar o‘tkazmaslik uchun asos hisoblanuvchi, qonunbuzilishlarni bartaraf etishda ko‘maklashuvchi “Mustaqil onlayn tekshirish” portalini yaratish;

b) mehnat, mehnatni muhofaza qilish va mehnat gigiyenasi sohasidagi qonun talablari buzilishiga olib keluvchi omillarni aniqlash va bartaraf etish bo‘yicha Davlat mehnat inspeksiyasi bilan hamkorlik qiluvchi va jamoatchilik asosida ko‘maklashuvchi “Mehnat agentlari” institutini joriy etish hamda ularning huquq va majburiyatlarini belgilab berish;

v) Xalqaro ijtimoiy ta'minot assotsiatsiyasining (ISSA) “Nol jarohatlanish” (Vision zero) Konsepsiyasi dasturini ishlab chiqarish bilan bog‘liq har qanday jarohatlanish va kasb kasalliklari oldini olish borasida profilaktika madaniyatini shakllantirishda yangicha yondashuvini keng targ‘ib qilish;