Nuriddin «Osmondagi bolalar» loyihasiga bergan intervyusida qanday qilib Facebook kompaniyasiga ishga kirgani, «StartUp»larni rivojlantirish va IT sohasi qiyinchiliklari haqida gapirib berdi.
Fan - bu faqat kitobda o‘qigan narsamiz emas...
Global UGRAD dasturida 4 oy davomida AQShdagi Missisipi universitetida o‘qiganman. Shu vaqt davomida 4-5ta fanni o‘qigan bo‘lsam, menga eng yoqqan tomoni - bizning darslarimiz eng oxirgi texnologiyalar asosida o‘tilar edi, masalan, o‘sha vaqtda dunyoda iOS’ning eng oxirgi versiyasi 10-versiya bo‘lsa, bizning darslarimiz ham ana shu 10-versiya asosida o‘tilgan. O‘sha narsa menga juda katta motivatsiya bergan, ya'ni fan faqat kitobdagi o‘qigan narsamiz emas, hayotda ko‘rgan narsamiz hamdir, qayerdadir ishlatgan narsamizga ham taalluqli bo‘lgan. Kitob boshqa, hayot boshqa bo‘lmagan. Shu Amerikadagi o‘quv tizimining menga eng yoqqan tomoni bo‘lgan.

Facebook’ga ishga taklif qilishganida avvaliga ishonmagandim
Bir kun LinkedIn tarmog‘idan bir hind odam «Ey yigit, Facebook'da ishlaysanmi?» deb yozib qoldi. Boshida shubhali tuyulgan, oxirida pul so‘raydi, deb o‘ylaganman. Keyin rezyume topshirdim, ishga kirish uchun talablar katta, kamida 7 yil ish tajribasi so‘ralar edi. Boshida ishonqiramay gaplashdim, chunki ish tajribam bir yarim yil edi. Keyin o‘sha hind bilan telefonda gaplashdik, rezyumeda yozilgan ma'lumotlarni yana bir bor o‘zimdan so‘rab, tekshirib oldi. Keyingi bosqichda kompaniya mas'ul xodimi bilan «phone interview» bo‘lgan, ya'ni kompaniya qidirayotgan odam bilan shu odam bir-biriga to‘g‘ri keladimi yoki yo‘qmi, deb tekshirdi. Hozirda birga ishlaydigan menejyerim, britaniyalik odam suhbat qilgan, keyingi bosqichda ham yana shu menejyer bilan endi sohaga oid suhbat bo‘lgan. Oxirgi bosqichda «onside interview» bo‘lishi kerak edi, pandemiya bo‘lmaganda nomzod Facebook'ning qaysidir ofisiga chaqirilardi va yuzma-yuz suhbat bo‘lardi, ya'ni «product manager interview». Bunda 4ta narsa tekshiriladi: birinchisi - Facebook'ni rivojlantirishga qanchalik qobiliyati bor, ikkinchisi - analitika bilan ishlash qobiliyati, uchinchisi - liderlik qobiliyati, to‘rtinchisi - loyihani qanday qilib oxirigacha olib borishi. Intervyu qiyin bo‘ldi, lekin natijasini kutish undan ham qiyinroq bo‘ldi. Yakunda men va yana bir nomzodning natijalari teng bo‘lib qoldi. Endi yana bir qo‘shimcha suhbat bo‘lishini aytishdi, bu safar Braziliyaning San-Paulo shahrida yashaydigan hozirgi hamkasbim bilan suhbat bo‘ldi. Intervyu zo‘r o‘tdi, o‘zimga yoqdi, uning javobini ham yana taxminan bir oycha kutdik va yakunda Facebook'ga qabul qilinganimni aytishdi va 1 avgustda ishga olindim. Hozirdagi vazifam O‘rta Osiyoda Facebook, Instagram va WhatsApp’ning o‘sishini ta'minlash, aholi mentaliteti va tabiatidan kelib chiqqan holda, mos funksiyalarni ishlab chiqish va muammolarni bartaraf etishdan iboratdir.

















