09:45 / 15.03.2021
23130

15.03.2020 – Koronavirus. Sinovlarda o‘tgan 1 yil sarhisobi

Bundan bir yil muqaddam, 2020 yilning 15 mart kuni soat 10:35da Kun.uz saytida “Koronavirus O‘zbekistonda. Ilk bemor aniqlandi” sarlavhali xabar e'lon qilingandi. Unda O‘zbekistonda koronavirus bilan kasallanishning ilk holati qayd etilgani va bemor Fransiyadan kelgani haqida ma'lumot berilgan. Insoniyat tarixida sinovli yillar ko‘p bo‘lgan. Koronavirus pandemiyasi bilan kechgan bir yil ham ular qatoridan o‘rin oldi.

Foto: AP / TASS

Chinga aylangan hadik

Aslida koronavirus haqidagi ilk mujdalar bundan ancha oldinroq, 2019 yilning oxirlarida paydo bo‘lgan, Xitoyning Uhan shahri bu kasallik ilk o‘chog‘i sifatida qayd qilingandi. O‘zbekistonga kirib kelguniga qadar ham bu virus haqida turli ma'lumotlar tarqaldi, mumkin qadar ehtiyot choralari ko‘rildi. Ammo 2020 yilning fevral-mart oylariga kelib, kasallikning respublikaga kirib kelishi vaqt masalasiga aylanib qoldi. Chindan ham hadik chinga aylandi, 2020 yilning 15 mart kuni O‘zbekistonda ham koronavirusga chalingan ilk bemor qayd etildi. Bemor Fransiyadan kelgan bo‘lsa-da, aslida kasallikni boshqa bir davlatda yuqtirgani ma'lum bo‘ldi.

O‘sha paytni hamma eslaydi. Aholi o‘rtasida tushkun kayfiyat paydo bo‘ldi, turli vahimalar tarqaldi, hali o‘rganilmagan kasallik bo‘yicha bir-biriga zid ma'lumotlar paydo bo‘la boshladi.

Cheklovlar, yopilgan chegaralar va xayriya

Shundan keyin voqealar shiddat bilan rivojlana boshladi. 2020 yil 16 mart kunidan barcha ta'lim maskanlari faoliyati to‘xtatildi, ko‘p o‘tmay turli muassasalar, shu jumladan umumiy ovqatlanish tarmoqlari yopildi. 22 mart kuni mamlakat bo‘ylab barchaga tibbiy niqob taqish majburiy bo‘ldi va bu qoidaga amal qilmaganlar jarimaga tortila boshlandi. Turli tashkilotlar xodimlari masofadan ishlash tartibiga o‘tdi, viloyatlararo transport harakatiga cheklov qo‘yildi, shaharlarga kirish va chiqish cheklandi. 2020 yilning 30 mart kunidan O‘zbekiston xorij bilan aviaaloqani butunlay to‘xtatdi.

Biroq, cheklovlarga qaramay, kasallik qayd etilganlar soni muttasil osha boshladi. 2020 yilning 17 martida, ya'ni kasallik ilk qayd etilganidan ikki sutka o‘tib, bemorlar soni 10 nafarga yetdi va undan keyingi raqamlarni geometrik progressiyaga qiyoslash mumkin. Hammaning diqqat-eʼtibori kasallik aniqlanishining kunlik ko‘rsatkichlarida bo‘lib qoldi.

Ayni shu kunlarda butun O‘zbekiston xalqida xayriyaga xayrixohlik kuchayib ketdi va juda ko‘pchilik muhtojlarga yordam berishga kirishdi. Bu harakat shunchalar kengaydiki, davlat miqyosida tartibga solina boshlandi va og‘ir kunlarda juda ko‘pchilikning joniga ora kirdi.

100 minglik “armiya”

Tibbiyot tizimi favqulodda ish rejimiga o‘tkazildi. 2020 yil 26 mart kuni prezident Shavkat Mirziyoyev koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashishni kuchaytirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida 100 ming nafarga yaqin tibbiyot xodimlari safarbar qilinganini ma'lum qildi.

Karantin zonalari qurila boshlandi, turli maskanlar bemorlarni izolyatsiya qilish va davolashga moslashtirildi. Shifokorlarga har 14 kunlik faoliyat davri uchun quyidagi miqdorlarda (soliqlardan tashqari) maxsus qo‘shimcha rag‘batlantirish to‘lovi belgilandi:

  • vrach xodimlarga, vrach-laborantlarga – 25 million so‘m;
  • o‘rta tibbiyot xodimlariga, hamshira-laborantlarga – 15 million so‘m;
  • kichik tibbiyot xodimlariga – 10 million so‘m;
  • boshqa xodimlarga – 5 million so‘m.

Bunday rag‘batlantirish minglab shifokorlarning safarbar etilishida katta rol o‘ynadi. Kasb sifatida ancha qadrsizlangan shifokorlik obro‘yi jamiyat ko‘z o‘ngida yana yuksala boshladi. Lekin shu bilan birga, tibbiyot xodimlari orasida o‘lim ko‘rsatkichlari keskin osha bordi.

Tanqisliklar

Karantin qoidalari yo‘lga qo‘yilgan va kasallik ko‘paya borgan dastlabki kunlardan juda ko‘p yo‘nalishlarda tanqisliklar sezila boshladi. Bozorlar va do‘konlardan kartoshka “yo‘qolib” qolgan paytlar bo‘ldi, hamma zaxira uchun yoppasiga mahsulot sotib olishga kirishdi. Misol tariqasida, Toshkent shahrida kartoshkaning kunlik iste'moli 80-90 tonna atrofida bo‘lgani holda 2020 yil 29 martida 338 tonna kartoshka sotilgani ma'lum qilindi. Boshqa yeguliklarda, jumladan shakar, un, yog‘ kabi birlamchi mahsulotlarda ham uzilishlar kuzatildi. Isiriq, limon, sarimsoq piyoz kabi mahsulotlar narxi keskin oshdi. Odamlar koronavirusga qarshi samarali deya aytilgan har qanday mahsulotni narxiga qaramay sotib ola boshladi.

Eng katta va xavfli tanqislik tibbiy mahsulotlarda kuzatildi. Kasallik kirib kelgan dastlabki kunlardan antiseptik vositalar, tibbiy spirt va qator dori vositalari yoki umuman topilmay qoldi, yoki narxlari keskin oshib ketdi. Misol tariqasida “Ergoferon” dori vositasi odatda 25-30 ming so‘mgacha sotilgani holda 120 ming so‘mgacha ko‘tarildi, qutisi 35-45 ming so‘mdan sotilgan “Arbidol” esa 400-600 ming so‘mdan pullandi.

Shuningdek, kislorod konsentratlari, pulsoksimetrlar kabi vositalar narxi keskin oshdi, hatto ularni ijaraga berish boshlandi.

Alohida mavzu – himoya niqoblari bo‘ldi. Bir qarashda oddiygina bu vositaga talab shunchalar oshdiki, aksariyat dorixonalarning eshigigayoq “Maska yo‘q” deb yozib qo‘yiladigan bo‘ldi. Vaziyatni o‘nglash uchun niqob tibbiy vositalar ro‘yxatidan chiqarildi va barcha tikuvchilik sexlari bu mahsulotni tayyorlashga kirishgani hamda kuniga kamida 2 mln donadan niqob ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilganidan keyingina vaziyat qisman barqarorlashdi.

Otning o‘limi, itning bayrami

Har qanday mablag‘dan ulush yulib olishga o‘rgangan korrupsionerlar ana shunday o‘ta tahlikali davrda ham imkoniyatni qo‘ldan chiqarmadi. Raqamlarga e'tibor bering:

  • Qashqadaryoda SEOM rahbarlari budjet mablag‘larini talon-toroj qilgani aniqlandi – zarar miqdori 917,8 million so‘m;
  • Namangan viloyat SEOM mansabdorlari budjet mablag‘larini talon-toroj qilgani aniqlandi – zarar miqdori 248,9 mln so‘m;
  • Buxoroda inqirozga qarshi jamg‘armaning mablag‘larini talon-toroj qilingani aniqlandi – zarar miqdori 202 mln so‘m;
  • Navoiy viloyat SEOM mansabdorlari budjet mablag‘larini talon-toroj qilgani aniqlandi – zarar miqdori 509 mln so‘m;
  • “Mehr-shafqat” fondi mansabdorlari xayriyadan yig‘ilgan mablag‘larni talon-toroj qilgani aniqlandi – 2,8 mlrd so‘m;
  • Andijon SEOM mansabdorlari budjet mablag‘larini talon-toroj qilgani aniqlandi – zarar miqdori 160 mln so‘m.

Dorilar “jangi”

Koronavirusga qarshi samarali dori vositalari masalasida bugungi kungacha yakuniy to‘xtamga kelinmagan. O‘zbekistonda ham bu borada keskin bahslar bo‘lib o‘tdi. Ayniqsa, gidroksixloroxin (ko‘proq “Plakvenil” nomi ostidagi preparat) bo‘yicha juda ko‘p munozaralar bo‘lib o‘tdi. Bu vosita dastlab davolash protokoliga kiritildi, keyin olib tashlandi. Ammo ko‘p o‘tmay katta miqdorda “Plakvenil” xarid qilingani ma'lum bo‘ldi va nufuzli shifokorlar ikki lagerga bo‘linib ketdi. Rasmiy doiralarga u yoki bu darajada bog‘liq bo‘lgan mutaxassislar bu preparatning samaradorligi haqida chiqishlar qilgan bo‘lsa, aksariyat amaliyotchi shifokorlar “Plakvenil” koronavirusga qarshi foyda bermasligini bildirdi.

Eng qizig‘i, shuncha bahslardan keyin, koronavirus bir qadar jilovlangan paytga kelib ham Sog‘liqni saqlash vazirligi dunyo bo‘yicha davolashdagi samarasi isbotini topmagan, profilaktika bo‘yicha esa biror tadqiqot yakuniga yetmagan gidroksixloroxin preparatini yana katta hajmda sotib oldi. Nafaqat sotib oldi, balki qo‘shma qaror asosida majburiy tartibda talabalar va OTM o‘qituvchilari uchun sotishga kirishdi.

Karantin cho‘qqisi va dahshatli o‘limlar

Shuncha sa'y-harakatlarga qaramay, 2020 yilning iyun-iyul oylariga kelib kasallik tarqalishi kuchaydi, kechishi og‘irlashdi va o‘limlar soni keskin oshib ketdi. Dastlab tuzalgan bemorlar gullar bilan kuzatilgan bo‘lsa, keyinchalik tibbiyotga yuklama juda kuchayib ketdi, “Tez tibbiy yordam” xizmati chaqiriqlarga ulgurmay qoldi, shifoxonalarda joy qolmadi, shifokorlar yetishmay qoldi. Eng dahshatlisi – o‘limlar soni keskin oshib ketdi.

Vaziyat shu qadar chigallashdiki, murdalarni palatalardan va o‘likxonalardan olib chiqib ketishda ham kechikishlar kuzatildi.

Statistika va OAV

Koronavirus kirib kelishining ilk kunlaridanoq rasmiy statistika doimiy tanqid nishonida bo‘ldi. Ilk kunlar va hatto oylarda ham juda ko‘pchilik bu kasallik aslida yo‘qligini ta'kidlagan bo‘lsa, keyinchalik bemorlar va o‘limlarning haqiqiy soni yashirilayotgani bo‘yicha shubhalanuvchilar juda ko‘payib ketdi.

Rasmiy statistikaga ishonchsizlik bugungi kungacha davom etmoqda. Ishonmaydiganlarning o‘z haqiqatlari bor – kasallikka chalinganlar, uyda davolanganlar va o‘lganlar nihoyatda ko‘p bo‘lishiga qaramay rasmiy raqamlar ancha kam. SSVning javobi ham tayin – maxsus testlar yordamida koronavirus rasman tasdiqlanmaguncha yoki o‘lim sababi aynan koronavirus ekani isbotlanmaguncha ro‘yxatga kiritilmaydi.

Pandemiya davrida ommaviy axborot vositalari, ayniqsa elektron axborot manbalari ahamiyati keskin oshdi. Aholining tezkor va aniq ma'lumotga bo‘lgan talabi bu soha rivojiga turtki bo‘ldi.

Bugungi kun

Kirish so‘zida aytilganidek, O‘zbekiston nihoyatda murakkab yilni yakunladi. Bu yil ichida nafaqat koronavirus, balki Sardoba fojiasi, Olot va Qorako‘ldagi tabiiy ofatlar ham jiddiy muammoga aylandi. Ana shunday og‘ir yilning so‘nggi kunlariga qadar bu kasallik bilan bog‘liq umumiy kayfiyat muttasil ko‘tarilib borayotgan, juda ko‘pchilikda koronavirus uzil-kesil jilovlanganiga shubha qolmagan edi. Bundan tashqari, vaksinalar ishlab chiqilgani va tez orada qo‘llana boshlanishi katta umid uyg‘otgandi.

Roppa-rosa bir yildan so‘ng, ya'ni 2021 yilning 15 martidan boshlab xorijdan keluvchilarga test topshirish majburiyati bekor qilingani ham yuqoridagi fikr isbotidek edi.

Biroq, sutkalik aniqlanishlar ko‘rsatkichi 30 nafar atrofida bo‘lgani holda, 12-13 mart kunlariga kelib 80 nafarga yaqinlashgani, Toshkent shahrining o‘zida bir kunda 70 nafar bemor aniqlangani yana hammani sergak torttirdi hamda hali bu kasallik chekinmaganini bildirib qo‘ydi.

Abror Zohidov.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top