«O‘zstandart» agentligining ma'lum qilishicha, Yevropa Ittifoqi (YeI) va Yevrosiyo Iqtisodiy Ittifoqi (YeOII) davlatlarida sifatsiz va xavfli deb topilgan ayrim mahsulotlarning ro‘yxati shakllantirildi.

Agentlik quyidagi mahsulotlar O‘zbekistonga kirib kelgan bo‘lishi mumkinligini inobatga olib, ulardan foydalanmaslikka chaqirmoqda.

Instant hand sanitiser – qo‘llarni dezinfeksiyalash vositasi

Mahsulot nomi - Instant hand sanitiser, ishlab chiqaruvchi davlat - Xitoy. Mahsulot 50 ml.lik yashil qopqoqli plastik idishda bo‘lib, onlayn ravishda, xususan, AliBaba Group orqali sotilgan.

Mahsulotda etanol moddasi me'yoridan kam (o‘lchov qiymati: hajmi bo‘yicha 11 foiz). Bu esa foydalanuvchini bakteriya va mikroblardan himoya qilmasligi va kasallik yuqtirishiga olib kelishi mumkin. Bundan tashqari, mahsulot tarkibida metanol (o‘lchov qiymati: hajmi bo‘yicha 26 foiz) moddasi mavjud. Bu modda asab tizimi va ko‘zga sezilarli darajada ta'sir qiladi.

Bundan tashqari, mahsulotda xavf-xatar va qanday foydalanish haqida yo‘riqnoma mavjud emas. Shuningdek, agarda foydalanuvchi yoki yosh bola metanol moddasini ichib yuborsa, o‘limga olib kelishi, ko‘zga tegsa ko‘rish qobiliyatini yo‘qotishga olib keladi. Xabarnoma Shvetsiyadan tarqatilgan. 

Decor lamp – stol lampasi

Agentlikning ma'lum qilishicha, Xitoyda ishlab chiqarilgan Decor lamp stol lampalari jiddiy tahdidli mahsulot sifatida ro‘yxatga olingan. Mahsulot simlari noto‘g‘ri ulangan. Erib ketishga moyil simlar mahsulotning burchak qismlariga tegib turadi. Natijada foydalanuvchi elektr toki o‘tgan joyga tegib, tok urishidan zarar ko‘rishi mumkin.

Mahsulot past kuchlanuvchi elektr jihozlari ko‘rsatmasi va Yevropa standarti EH 60598 talablariga javob bermagani uchun taqiqlangan. Xabarnoma Vengriyadan tarqatilgan.

SOLAR ZOOM CAMPING LAMP lampalari

Xitoyda ishlab chiqarilgan mazkur mahsulot kuyish, elektr toki urishi va yong‘in keltirib chiqish ehtimoli yuqori bo‘lgani uchun olib kirishga taqiq qo‘yilgan. Xavfli tomoni: tarmoq ichidagi elektr simlar ingichkaligi tufayli ishlatish jarayonida erib ketishi mumkin.