O‘zbekiston | 10:38 / 17.03.2021
11881
4 daqiqa o‘qiladi

Ehtiyojmand aholiga 1 gektargacha yer uchastkalari beriladi

Prezidentning “Qishloq xo‘jaligida ehtiyojmand aholini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashining dehqonchilik bilan shug‘ullanish uchun “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan mehnatga layoqatli fuqarolar, ishsiz yoshlarga davlat va mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan yangi o‘zlashtirilgan, lalmi, qishloq xo‘jaligida foydalanilmayotgan yer maydonlaridan 0,1 gektardan 1 gektargacha yer uchastkalarini berish tizimini keng joriy etish to‘g‘risidagi takliflari ma'qullanishi mumkin.

Belgilanishicha, hududlarda aholi soni va zichligini inobatga olgan holda, aholiga yangi o‘zlashtirilgan, lalmi hamda qishloq xo‘jaligida foydalanilmayotgan yer maydonlari oilali va qishloq joylarda kamida uch yil mobaynida yashab turgan ehtiyojmand oilalarga dehqon xo‘jaligi yuritish uchun yer uchastkasi sug‘oriladigan yerlarda 0,35 gektargacha va sug‘orilmaydigan (lalmikor) yerlarda 0,5 gektargacha o‘lchamda, cho‘l va sahro mintaqasida esa sug‘orilmaydigan yaylovlardan 1 gektargacha o‘lchamda belgilangan tartibda beriladi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi bilan birgalikda ehtiyojmand aholi ro‘yxati hamda ularga dehqonchilik bilan shug‘ullanish uchun ajratiladigan yer maydonlari to‘g‘risidagi ma'lumotlarni shakllantirish chorasini ko‘radi.

Suv xo‘jaligi vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi, Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi, “Elektrtarmoqlari” AJ hududiy bo‘limlari bilan birgalikda har bir tumanda mavjud ehtiyojmand aholiga dehqonchilik bilan shug‘ullanish uchun yer maydonlari ajratish maqsadida, qishloq xo‘jaligi foydalanishidan chiqqan hamda yer osti zaxira suvlari hisobidan o‘zlashtirish imkoni mavjud bo‘lgan hududlar konturlar kesimidagi manzilli ro‘yxatini shakllantiradi, amalga oshiriladigan ishlar hajmlari va talab etiladigan mablag‘lar aniq hisob-kitobini ishlab chiqadi hamda Vazirlar Mahkamasiga taqdim qiladi.

Moliya vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi hamda Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi bilan birgalikda ehtiyojmand aholiga berilgan yerlarni o‘zlashtirishda (yer haydash, urug‘, ko‘chat xarid qilish va boshqalar) xarid qilish uchun Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi, mahalliy budjet, Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan belgilangan tartibda 7 million so‘mgacha subsidiyalar ajratish amaliyotini yo‘lga qo‘yadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid