O‘zbekiston | 11:35 / 17.03.2021
8244
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda barchaga yil oxiriga qadar «aqlli» gaz hisoblagichlar o‘rnatiladi

Toshkent shahrida barchaga yil oxiriga qadar zamonaviy “aqlli” gaz hisoblagichlar o‘rnatilishi ko‘zda tutilgan. Bu haqda poytaxt hokimligi xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, 16 mart kuni Toshkent shahar “Hududgaz Poytaxt” gaz ta'minoti filiali tomonidan matbuot anjumani o‘tkazildi. Anjumanda tabiiy gaz yetkazib berishni nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimi joriy etilayotgani, bu bo‘yicha aholi o‘rtasida yuzaga kelayotgan savollar, ular orqali muammolarni o‘rganish va hal etish bo‘yicha qilinayotgan ishlar atroflicha tahlil etildi. 

Ma'lum qilinishicha, poytaxtda gaz iste'molchilari jami 629 427ta bo‘lib, shulardan 448 073tasini ko‘p qavatli, 181 354tasini esa yerli aholi xonadonlari tashkil etadi. 

“Qayd etish kerakki, yil oxiriga qadar zamonaviy “aqlli” gaz hisoblagichlar barchaga o‘rnatilishi ko‘zda tutilgan. Mazkur hisoblagichlarni o‘rnatish aholi uchun bepul hisoblanib, tashkilot tomonidan 5 yillik bepul servis xizmati ham kafolatlanadi”, deyiladi ma'lumotda. 

Anjumanda tabiiy gaz iste'molchilariga qulaylik yaratish maqsadida (55) 503-28-28 raqami bo‘yicha “Call-markaz” ishga tushgani e'lon qilindi. Bundan tashqari, sohadagi qonunbuzilish va korrupsiya holatlari bo‘yicha (55) 503-90-17 raqamli “Ishonch telefoni” yo‘lga qo‘yilgani, bunga iste'molchilar o‘z murojaatlarini qoldirishi mumkinligi aytildi. 

Mavzuga oid