Xurshid Maroziqov «Osmondagi bolalar» loyihasiga bergan intervyusida biznesda altruizm qanday ishlashi, o‘qishga kira olmaslik fojia emasligi, ijtimoiy tarmoqlardan me'yorida foydalanish va «mikrovolnovka biznes» bilan shug‘ullanish to‘g‘rimi kabi savollarga javob berdi.

Qo‘qondagi «Girgitton» nega Toshkent bozoriga kirib kelmagan?

— Tasavvur qiling, Abdujabbor Toshkentda yashayapti, taxminan 5000 so‘m soliq to‘layapti. Uning adashi bor Qo‘qonda, u ham 5000 so‘m soliq to‘layapti. Lekin Toshkentdagi Abdujabbor «Bon» kafeda yoki bo‘lmasa chiroyli sharoitlarda o‘tirib, telefon orqali buyurtma beryapti. Qo‘qondagi Abdujabborning uyida esa chiroq yo‘q. Aynan shuning uchun shu kabi qulayliklarni Qo‘qonga olib kelish uchun ham faoliyatimiz Toshkentda emas.

Nega imkoniyati Toshkentga yetmaydigan odamlar shu narsalarni viloyatlarda his qilmasligi kerak? Aslida mablag‘ tarafdan ham, g‘oya tomondan ham, umuman hatto kadr tarafdan ham Toshkentda ish boshlashga bemalol kuchimiz yetadi. Yo‘q, telefonda xato bossa ham, shu knopkani bossin, uyiga ovqat yetib kelsin Qo‘qonda ham, aslida bizning g‘oya shu!

Oddiygina «Girgitton»ga aloqador odamlar 60 kishiga yetdi, ya'ni Qo‘qonda 60 nafar odam «Girgitton» orqali oilasini tebratyapti.

«Xususiy maktab ochishga bittagina narsa undagan»

— Ta'limda raqobatchingiz kuchaysa ham xursand bo‘lishingiz kerak, inson sifatida. Chunki atrofingizda ta'lim kuchayyapti-da! Biz o‘quv markaz ochgan paytimizda o‘qituvchining qadri o‘quvchisining 36 talik testdan qancha ball topgani bilan o‘lchanar edi. Shartli «A» ismli o‘qituvchi qanday o‘qitadi degan savol berilsa, ha, u kishi yaxshi o‘qitadi, chunki 24 ta o‘quvchisidan 22 tasi o‘qishga kirdi deb javob berilar edi. O‘quvchi, talabalarning o‘zlari bilan gaplashaylik-chi desangiz, u tomoni «qora» bozorga kirib ketasiz.

O‘qituvchi o‘z obro‘sini saqlash uchun «X-variant» kabi turli xil yo‘llarda telefonda o‘quvchilariga «turib berishi» kerak bo‘lar edi. Chunki shaharda obro‘sini saqlashi kerak, uni to‘g‘ri tushunish kerak, bu uning hayoti, biznesi. Shu formatni o‘zgartirishni xohladik.

U paytlarda 4 ta ko‘nikma bo‘yicha dars beradigan o‘quv markazlari Toshkentda sanoqli edi. O‘rtacha o‘quv markazlarda narx 30 ming atrofida edi, biz esa 90 ming qilib ochdik, bozordan 3 barobar qimmat edi. Bunda «Odatiydan yuqori sharoitlar va biz abituriyent tayyorlamaymiz, jahon standarti bo‘lgan 4 ta ko‘nikmani o‘rgatamiz», dedik.