Öşanda neça yoş edim, aniq eslolmayman. Ammo şu narsa yodimdaki, qölimga tuşgan har qanday kitobni old-ketiga qaramay, «yetti yamlab bir yutayotgan» paytlarim edi. Uyimizda kitob unça köp emasdi. Şuning uçun ham ba'zilarini qayta-qayta öqib çiqardim. Yangi kitob topsam, göyo xazina topgan qulday sevinardim.

Yoz... Ta'til payti.

Tuppa-tuzuk kitobxörga aylanib qolganim, yangi kitobga ölguday taşna bölib yurganimni zimdan kuzatib yurgan akam bir kuni darvozaxonadan kira solib: «Senga bir narsa opkeldim», deb qoldi. Hayron böldim. Öşa paytlar u qaysidir oğaynisinikida örtoqlari bilan birga ğişt quyayotgandi. Akamning qölida loy doğlari tekkan qandaydir etak. Etakning içida esa döppaygan bir narsa.

«Nima u?» – dedim sabrim çidamay.

Akam esa xuddi atay qilganday etakni şoşilmay – aylantirib-aylantirib oçdi. Içidan semizgina bir kitob çiqdi. Kitobni oldim-u, saraton çillasida ham salqin böladigan özimning xos «hujram»ga qamalib oldim.

Afsuski, kitobning muqovasi ham, nomi-yu muallifi ham, boşidagi beş-ön sahifasi ham yöq edi. Lekin bu narsa uni öqişimga tösiq bölolmadi. Hartugul, yangi kitob öqiş, eskisini qayta-qayta hijjalaşdan köra yaxşiroq edi. Işonasizmi, haligi kitobni öqirdim-u, xayolimdan «Qaniydi endi tugab qolmasa» degan fikr ötardi...

Bu orada keçki salqin tuşa boşladi. Bu payt «hujram»ni tark etib, oğaynilarim bilan qöy boqqani çiqişim kerak edi. Oilamizda bu iş mening çekimga tuşgandi. Ammo nimagadir akam olib kelgan haligi kitobdan uzilgim kelmas, uni qölimdan qöyolmasdim. Mutolaaga şunçalik berilib ketgandimki, xuddi budilnigi borday özining qaçon yaylovga borişini biladigan va bugun ozroq hayallab qolganim uçun oxurdan kallasini çiqarib tinmay ma'rayotgan qöylar ham közimga yomon körinib ketdi. Jin urgurlar!

Yöq, baribir könglim bölmadi. Futbolkamni şortigim boği bilan mahkam boğladim-u, kitobni içimga solvoldim – yaylovda öqiyman! Qornim döppayib qolgani uçun yölda keta-ketgunça – to yaylovga yetgunça oşnalarim «Qaçon endi?» deb toza ermak qilişdi. Ammo ular qirda kartoşkani çöğga kömib pişirayotganda men mazza qilib kitob öqidim. Şunday qilib, men heç qaçon tugaşini xohlamagan bu kitob ham baribir tugab qoldi.

Keyinçalik öşa kitobning nomini ham, muallifi kim ekanini ham bilib oldim. Yirtilgan beş-ön sahifasini ham öqib çiqdim, albatta.

Bilasizmi, hozir öşa xotira va manzillardan minglarça kilometr narida – dunyoning u burjida turib öylanib qoldim. Yoşlikda öqigan kitoblarimni eslasam, boşqa kitoblar emas, xayolimda aynan şu kitob birdan «yarq» etib jonlanar ekan.