AQSh prezidenti Jo Bayden rossiyalik hamkasbi Vladimir Putinni qotil deb hisoblashini aytgach, bu mavzu rosa «yondi». Ko‘p o‘tmay Putin Baydenning gapiga javob berdi va uni jonli efirdagi ochiq muloqotga taklif qildi. Tabiiyki, bu debat ko‘rinishidagi o‘ziga xos duel o‘tkazilmaydigan bo‘ldi, chunki Bayden bunga vaqti yo‘qligini aytdi. Xo‘sh, agar Bayden va Putin chindan debatlarda qatnashsa, kim g‘alaba qozongan bo‘lardi? «Meduza» bu boradagi imkoniyatlarni chamaladi.

Davlat yetakchilari debatlarda uchrashadimi o‘zi?

Debatlar siyosiy maqsadiga qarab ikki xil bo‘lishi mumkin. Birinchi turdagi debatlarda murosaga kelish birlamchi hisoblanadi. Ya'ni har ikki tomon ham qandaydir chekinishga tayyor bo‘ladi. Bunday debatlarda hal qilinayotgan muammoga yechim topish asosiy maqsad hisoblanadi. Masalan, prezidentlarning boshqa mamlakatga davlat tashrifi doirasida yopiq eshiklar ostida o‘tadigan uchrashuvi aynan mana shunday debatga misol bo‘lishi mumkin. Unda prezidentlar o‘z davlati manfaatidan kelib chiqqan holda munozaraga kirishadi.

Parlamentdagi debatlarni ham birinchi tur debatlariga misol qilish mumkin. Chunki u yerda ham manfaatlar himoya qilinadi. Parlament debatlari davlat yetakchilarining uchrashuvidan farqli tarzda ochiq o‘tadi. Bunda parlament vakillari o‘z elektoratiga ularning manfaati uchun qanday kurashayotganini ko‘rsatishi ham muhim.

Ikkinchi turdagi – tortishuvli debatlar tomoshabinlar uchun ancha qiziqarli. Bunday debatlarda raqibni har qanday usulda noqulay holatga tushirish muhim. AQShdagi prezident saylovlaridagi nomzodlar o‘rtasidagi debatlar bunga yaqqol misol bo‘lishi mumkin.

Davlat yetakchilari, prezidentlar o‘zaro birinchi turdagi debatlarda qatnashib, millat manfaatlarini himoya qiladi (har holda shunga intiladi). Bunday o‘ziga xos debatlarning asosiy qismi yopiq o‘tgani sabab odamlar tafsilotlardan bebahra qolishadi. OAV uchun ochiq bo‘lgan dastlabki bir necha daqiqada esa yetakchilar bir-birlarini maqtashdan nariga o‘tmaydi. Ishoning, yopiq eshiklardagi uchrashuvlar butunlay boshqacha bo‘ladi. Buning isboti sifatida Obama Putin bilan uchrashuvdan eshikni tepib chiqqanini eslash kifoya.