Sport | 13:15 / 27.03.2021
16061
3 daqiqa o‘qiladi

20 ming muxlis va futbolchilar ishtirokidagi islandcha qarsak. Namangandagi tarixiy o‘yindan fotogalereya 

O‘zbekiston va Gana o‘rtasidagi o‘rtoqlik uchrashuvi Namangan futboli tarixidan joy oldi. Ushbu shahar o‘z tarixida ilk marta milliy jamoa o‘yiniga mezbonlik qildi. Bungacha faqat uchta shahar - Toshkent, Samarqand va Qarshi bosh jamoamiz o‘yinini qabul qilgan edi.

Foto: Tribuna.uz

Namangandagi bahs nafaqat Afrika qit'asi vakili ustidan qozonilgan g‘alaba bilan balki o‘yin davomida muxlislar yaratgan ajoyib futbol atmosferasi bilan ham yodda qoladigan bo‘ldi.

Ushbu bahs oldidan Namangandagi 22 ming tomoshabin sig‘adigan o‘yingohda anshlag kuzatilishini taxmin qilish qiyin emasdi. Har holda «Navbahor»ning o‘yinlari bilan ham muxlislar liq to‘ladigan arenaga milliy jamoa o‘yini kuni vodiyning turli shahar va qishloqlaridan tomoshabinlar yetib kelishi aniq edi. Muxlislar uchun Gananing nomdor bo‘lmagan ikkinchi jamoasidan ko‘ra, ancha vaqtdan buyon milliy jamoa yig‘iniga kelmagan Eldor Shomurodov, Jaloliddin Masharipov, Otabek Shukurov, Sardor Rashidov singari o‘zbek futboli yulduzlarining o‘yinini stadionning o‘zidan kuzatib borish qiziqroq edi.

Bayramona muhit va kayfiyatda boshlangan uchrashuvga monand tarzda Otabek Shukurov ajoyib zarbasi bilan stadionni yana bir marta junbushga keltirgan bo‘lsa, hisob tenglashgach nisbatan tingan o‘yingoh Masharipovning golidan keyin ikkinchi marta larzaga keldi – 2:1.

G‘alabali o‘yinga munosib o‘zaro minnatdorchilik tomoshabinlar va futbolchilar o‘rtasida kuzatildi. Islandcha qarsakni islandiyaliklardan ham yaxshiroq o‘zlashtirgan namanganlik muxlislar O‘zbekiston milliy jamoasi va Ganadan kelgan jamoa bilan o‘yingohdagi qariyb 20 ming nafar muxlis ishtirokida mashhur qarsakni maromiga yetkazishdi. Hozirgi pandemiya sharoitida Namangandagi bayramona muhit hattoki Yevropadagi muxlislarda ham havas uyg‘otishi aniq...

Quyida Tribuna.uz sayti fotomuxbirining Namangandagi o‘yindan muhrlagan eksklyuziv fotogalereyasini tomosha qiling.

O‘rtoqlik uchrashuvi. 26 mart (juma)
O‘zbekiston – Gana B – 2:1
Gollar: Otabek Shukurov 4, Jaloliddin Masharipov 76 - Issahaku Abdul Fatavu 72.
O‘zbekiston: Javohir Ilyosov, Anzur Ismoilov, Azimjon Ahmedov, Ibrohimxalil Yo‘ldoshev, Farrux Sayfiyev (Murod Xolmuhammedov, 82), Otabek Shukurov, Odil Hamrobekov, Oston O‘runov (Javohir Siddiqov, 69), Sardor Rashidov (Oybek Bozorov, 59), Jaloliddin Masharipov (Hojimat Erkinov, 86), Eldor Shomurodov (Igor Sergeyev, 84)
Gana B: J.Addo, Yiadom Konadou, Kristofer Netey, Muhammad Al Hassan, Diavusiye Teylor (Daniel, 64), Moro Salifu, Michel Otou (Persius Boa, 82), Issahaku Abdul Fatavu, Rashid Nortey (A.Boateng, 65), Samuel Kuayye, Kvame (Maksvel Kuayye, 87).

Suratlar muallifi - Boymirza Xalilov

Mavzuga oid