- Avvalo, bugungi ajoyib futbol atmosferasini yaratgan namanganlik futbol muxlislariga minnatdorchilik bildiraman. Bunday muhit faqat futbolchilar emas, barcha uchun yoqimli holat. Shunga yarasha futbolchilar ham bayramni buzib qo‘ymaslikka intilishdi. O‘yin muxlislarga yoqqan bo‘lsa, biz bundan xursandmiz.
Bu Gananing boshqa jamoasi ekanligi haqidagi gap-so‘zlarga qaramay, ko‘rdikki raqib yaxshi jamoa ekan. Raqib safida 18-raqamda Afrikaning eng yaxshi futbolchisi o‘ynaganini inobatga olsak, bu jamoani mag‘lub etish ikki hissa yoqimli bo‘ldi.
Azimjon Ahmedov va Shahzodbek Ubaydullayev haqida
- Azimjon Ahmedov o‘z shahridagi o‘yinda maydonga tushgani va ishonchimizni oqlaganidan xursandman. Umid qilamanki, u yana biroz vaznini yo‘qotib, keyingi o‘yinlarda ham yaxshi o‘ynay oladi.
Shahzodbek Ubaydullayev? Unda ham imkoniyat bor, albatta. Barcha uchun milliy jamoa eshiklari ochiq. Superligada hali 3ta tur o‘tkazildi. Kim yaxshi holatda bo‘lsa, milliy jamoaga o‘sha chaqiriladi.
Eldor Shomurodovning jismoniy holati haqida
- U uzoq safar – Italiyadan yetib keldi. Milliy jamoa o‘yiniga darhol qo‘shilib ketish qiyin. Chunki legionerlar uchun moslashish uchun vaqt kerak. Biz uch kun mashg‘ulot o‘tkazgan bo‘lsak-da, jismoniy holatimizdan ko‘rinib turibdiki, bizda chempionat boshlanganiga hali uch tur bo‘ldi. Shu bois futbolchilar turli xil jismoniy holatdalar. Shomurodov foydalana olmagan vaziyatlar haqida gapiradigan bo‘lsam, Eldorning jismoniy holati boshqacha bo‘lganida, aminmanki u vaziyatlarni osonlik bilan golga aylantira olardi.
Milliy jamoadagi darvozabonlar muammosi borasida
- Darvoza chizig‘ida bizda avvaldan muammo bor edi. Biz 1-raqamli posbonni aniqlay olmayapmiz. Darvozabon milliy jamoada tajribaga ega bo‘lishi kerak. Bu borada hali ham variantlarni ko‘rib chiqyapmiz. Bungacha milliy jamoa darvozasini qo‘riqlagan darvozabonlar yosh jihatdan milliy jamoadan uzoqlashishdi. Mana shunday o‘yinlar orqali qo‘l ostimizdagi darvozabonlardan birini o‘yinlar uchun asosiy posbon sifatida tanlab olamiz. Futbolda darvozabonlarda katta mas'uliyat bo‘ladi. Chunki uning xatosi darhol ko‘zga tashlanadi. Maydondagi o‘yinchilar ikki marta ko‘proq xato qilishsa-da, ularniki sezilmaydi, darvozabonniki esa darhol bilinadi. Shunga qaramay, Ilyosov bunday zarbani qaytarishi kerak edi. Nima ham qilardik, shunday bo‘lib qoldi. Javohir milliy jamoada kelajagi bor darvozabonlardan biri.















