Voqea
Evergreen transport kompaniyasining Panama bayrog‘i ostida suzayotgan Ever Given konteyner tashuvchi kemasi Suvaysh kanalida sayozlikka o‘tirib, O‘rta yer dengizi va Qizil dengizni bog‘lovchi kanalda kemalar qatnovini to‘liq to‘xtatib qo‘ydi.
Kema kanalga ko‘ndalang turib qolgan va ikki tomonlama harakatni to‘sib qo‘ygan. Kemani burishga urinishlar hozircha besamar ketmoqda.

Ever Given
Ever Given 2018 yilda Yaponiyaning Imabari Shipbuilding kemasozlik kompaniyasi tomonidan qurilgan. Uning uzunligi 400 metr, eni 58,8 metrga teng.
Kema 20 100 dona standart dengiz konteynerlarini (uzunligi 6,1 metr, eni 2,44 metr va balandligi 2,59 metr) tashishga mo‘ljallangan. U 199,5 ming tonna yukni tashiy oladi. Kemaning kreyser tezligi 9,6 uzelga (soatiga 17,7 kilometr) teng.
Oqibat
Lloyd’s List kompaniyasining hisoblab chiqishicha, Ever Given konteyner tashuvchi kemasining Suvaysh kanali orqali harakatlanishni to‘xtatib qo‘yishi jahon savdosiga soatiga 400 mln dollarga tushmoqda.
Kema Suvaysh kanalida tiqilib, harakatni to‘xtatib qo‘yganidan so‘ng neft narxi keskin ko‘tarildi.

Hozirda kanalda 200ta kema turib qolgan. Ma'lumotlarga ko‘ra, suyultirilgan gaz tashuvchi yettita kema yo‘nalishini o‘zgartirgan. Uchta kema Afrikani aylanib o‘tish uchun yo‘lga tushgan, qolgan kemalardagi yuklar esa Osiyo bozoriga sotib yuborilishi mumkin.









