Kun.uz prezidentlikka nomzodi ko‘rsatilishi mumkin bo‘lgan siyosatchilar bilan intervyular tashkil etishga qaror qildi. Dastlabki suhbatdoshimiz – «Adolat» SDP siyosiy kengashi raisi, tarix fanlari doktori Bahrom Abduhalimov.

Dunyo va hatto o‘zbek mediasi uchun ham yangi yuz bo‘lgan Bahrom Abduhalimov suhbat davomida o‘zining siyosatga kirib kelishi, prezidentlikka nomzod bo‘lishi ehtimoli, Shavkat Mirziyoyevning alifbo masalasida unga bergan savoli va yangi partiyalar borasidagi savollarga javob berdi.

— «Adolat» sotsial-demokratik partiyasi siyosiy kengashi raisligiga saylanganingizga hali ko‘p vaqt bo‘lmadi. To‘g‘risi, shu tayinlovga qadar sizni ko‘pchilik tanimasdi. Siz ko‘proq ilmiy davralarda tanilgan insonsiz. Xo‘sh, olim siyosatga qanday kirib keldi?

— Men rostan ham ko‘proq ilm sohasi vakiliman. Fanlar akademiyasi tizimida 30 yildan ortiq vaqt davomida ishlab kelyapman. Orada boshqa sohalarga ham o‘tib ishladim. Jumladan, Toshkentdagi Vestminster universitetida prorektor vazifasida ishladim.

Bundan tashqari, Fanlar akademiyasi huzuridagi Sharqshunoslik institutida aspirant darajasidan direktorlikkacha ko‘tarildim. Shuningdek, [2011 yildan buyon] Fanlar akademiyasining gumanitar fanlar bo‘yicha vitse-prezidenti sifatida gumanitar yo‘nalishdagi ilmiy tadqiqotlarni muvofiqlashtirish bilan shug‘ullanaman.

Lekin albatta, ilm boshqa narsa, siyosat boshqa. Siyosiy partiyaga rahbar bo‘lib tayinlanishim partiyaga yanada ko‘proq vaqt ajratishimni taqozo qilyapti.

— O‘z vaqtida birinchi prezidentga maslahatchi bo‘lib ham ishlagansiz.

— Haqiqatan ham, ikki yil davomida O‘zbekistonning birinchi prezidentiga diniy masalalar va millatlararo munosabatlar bo‘yicha maslahatchilik qildim.

Diniy masalalar va millatlararo munosabatlarning o‘zi siyosat. Shu nuqtayi nazardan, bu vazifa men uchun katta maktab bo‘ldi.

— Demokratik davlatlarda siyosiy partiyalar saylovlarga yillar davomida tayyorgarlik ko‘radi. Ammo partiyada sizni saylovga juda oz vaqt qolganda Narimon Umarov bilan almashtirishdi. Bu turli fikrlarni uyg‘otdi.