Jamoat transportiga muhtoj Andijon. Talabalarni qiynayotgan muammoga yechim bormi?
Andijon shahridagi OTMlar talabalarini o‘qishga qatnash uchun shahar ichida yo‘lkira narxi qimmatligi qiynamoqda. Talabalarning qator tashkilotlarga murojaatlari natijasiz qolyapti.
Andijonda 4 ta oliy ta'lim muassasasi bor. Bular – Andijon davlat universiteti, Andijon davlat tibbiyot instituti, Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti hamda Andijon mashinasozlik instituti.
Ularda 30 mingdan ziyod talaba ta'lim olyapti.
Bir guruh talabalar Kun.uz'ga murojaat qilib, Andijon shahrida o‘qishga borib-kelish uchun jamoat transporti – avtobus va yo‘nalishdagi mikroavtobuslar yo‘qligi, yo‘l haqi qimmatligi oqibatida qiyinchiliklar yuzaga kelayotganini bildirishgan.
Andijon davlat universiteti faol talabalari mazkur muammo bo‘yicha Yoshlar ishlari agentligining viloyatdagi bo‘limiga, agentlik direktori Alisher Sa'dullayevga, viloyat Transport boshqarmasiga murojaat qilishgan. Lekin natija bo‘lmagan.
Biz muammo yuzasidan talabalar, o‘qituvchilar va viloyat Transport boshqarmasi mutasaddilari bilan uchrashdik.
Dastlab 20 ming talaba ta'lim oladigan Andijon davlat universitetida bo‘ldik.
«Biz Andijon davlat universiteti talabalari hozirgi kunda avtobus va mikroavtobus qatnoviga juda muhtojmiz. Chunki shahar ichida qatnov 75-yo‘nalish bo‘yicha eski shahardan universitetga hamda yangi bozordan universitetga 3 ming so‘mni tashkil qilmoqda.
Bu masala bo‘yicha viloyat yoshlar ittifoqiga, viloyat yoshlar ishlari agentligi Oybek Yo‘ldoshevga murojaat bilan chiqdik. Ular ikki oy oldin yangilik bo‘lishini aytdi. Lekin bo‘lgani yo‘q. Transport boshqarmasi depozitida hech qanday pul yo‘qligi, ularda avtobuslar yo‘qligi, agar universitet o‘z puliga avtobus oladigan bo‘lsa, uni yo‘nalishga qo‘yib berishlari mumkinligi haqida aytdi.
Keyin Andijon viloyatida bu masala hal bo‘lmagach, respublikaga, Yoshlar ishlari agentligi rahbari Alisher Sa'dullayevga murojaat bilan chiqdim.
Ularga ham murojaat qilganimga yaqinda bir oy bo‘ladi. Lekin hanuzgacha bu muammo yechimini topgani yo‘q», – deydi Andijon davlat universiteti talabasi Dildora Olimjonova.
ADU talabalari – Isomiddin Rasulov, Muhiddin No‘'monjonov va Xusniyabonu Jonibekovalar ham talaba uchun har bir so‘m qadrli ekani, Andijon shahri va tumanlarda yashaydigan guruhdoshlari yo‘nalishdagi avtobus qatnovi qo‘yilishini kutishayotganini bildirishdi.
Ular avtobuslarning qo‘yilishi talaba va ularning oilalari budjetiga ijobiy ta'sir ko‘rsatishini aytishdi.
«Hozir universitetimizda 20 mingdan ortiq talaba o‘qisa, shulardan 80 foizi tuman va shaharlardan qatnaydi. Oltinko‘l tumanidan keladigan guruhdoshlar: «Avtobusda shaharga 2 ming so‘mga kelamiz, 75-yo‘nalishda esa 3 mingga universitetga kelib olamiz», deya nolishadi.
Axir Oltinko‘ldan shahargacha masofa 16 kilometr, Eski shahar yoki Yangi shahardan universitetgacha esa 4 kilometr. Safimizda shartnoma bo‘yicha o‘qiydigan talabalar bor. Bolalariga yo‘l haqiga pul beradigan ota-onalarga qiyin», – deydi talaba Husniyabonu Jonibekova.
Talabalar o‘tgan yili yo‘l kira narxi birdaniga 2 ming so‘mga chiqib ketgach, turli idoralarga murojaat qilganlaridan so‘ng, mutasaddilar boshqa tumanlarga qatnayotgan 10 ta avtobusni universitet yo‘nalishiga burib berishganini aytishgan. Karantindan so‘ng esa avtobuslar yana yo‘q bo‘lib qolibdi.
Yana murojaatlar qilingan. Transport boshqarmasi 30 noyabrda o‘zining Telegram va Facebook sahifalarida universitet yo‘nalishiga 4 ta avtobus qo‘yilganini e'lon qiladi. Biroq talabalar hech qanday avtobuslarni ko‘rishmagan.
«O‘tgan yili avtobus qatnovi yo‘lga qo‘yilganidan keyin 2-3-kunlari talabalarni avtobuslarga chiqishlariga «Damas» haydovchilari qarshilik qilishgan. Avtobus eshik tagida tursa, bular norozilik bildirib, avtobus haydovchisi bilan urishib ketishgan. Biz eshikdan chiqishimizga qo‘limizdan ushlab mashinaga olib chiqib qo‘ymaydi xolos. Kelib, chiqing-chiqing deb, dars jarayonida ham ularning baqir-chaqiri bizga halaqit beradi», – deydi talaba Dildora Olimjonova.
Biz oliygohga kirish joyida turnaqator bo‘lib turgan 75- yo‘nalishda qatnovchi «Damas» haydovchilari Shohruxbek Bahromov, Alisher Ibragimovlar bilan suhbatlashdik.
Ular har oyda soliq va transport uyushmasiga to‘lanadigan to‘lovlar miqdori 400 ming so‘mdan oshishi, shuning uchun yo‘lkira haqi 3 ming so‘mga ko‘tarilganini aytishdi.
«Yo‘lkira faqat bizning yo‘nalishdagina oshgani yo‘q-da. Viloyatdagi hamma yo‘nalishlarda ham yo‘lkira ko‘tarildi. Bitta bu yo‘nalishdagi muammolarni ko‘tarib chiqmanglar-da. Boshqa yo‘nalishlarda ham oshdi», – deydi haydovchi Alisher Ibragimov.
Biz yana bir oliygoh – Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar institutidagi holat bilan tanishdik.
5 mingga yaqin yoshlar tahsil oladigan muassasa o‘qituvchi va talabalari ham transport muammosiga to‘xtalishdi.
Ko‘plab talabalar bilan gaplashganimizda, o‘qishga har kuni qatnashlari yo‘l haqi yuqoriligidan ular va ota-onalari norozi ekanini bildirishdi.
«Shaharning ichidan o‘qishga qatnayman. Har kuni institutga mikrorayondan kelishim 8 ming bo‘ladi. Borish-kelishim bilan yo‘lkiraga 16 ming so‘m ketadi. Avtobuslar bo‘lishini xohlardik», – deydi Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti talabasi Dostonbek Sodiqov.
Institut o‘qituvchisi Abbosbek Ahmadaliyev talabalarning institutga kelishida jamoat transportiga ehtiyoji sezilarli darajada, kundan kunga oshib boryotganiga to‘xtaldi.
«Bugungi kunda institutimizda 4,5 mingga yaqin talaba tahsil oladi, 350 nafardan ortiq professor o‘qituvchilar va qolaversa, ishchi-xodimlar bor.
Ularning aksariyat qismi Andijon viloyatining turli joylaridan kelib, o‘z ish faoliyatini olib boradi. Talabalarga keladigan bo‘lsak, ular darslarga kechikib kelishyapti. Agar jamoat transporti qo‘yilsa, talabalarning darsga o‘z vaqtida kelishi, qolaversa ularning oilaviy budjetiga ham sezilarli darajada foyda bo‘lgan bo‘lardi», – deydi Abbosbek Ahmadaliyev.
Andijon viloyat transport boshqarmasida
Andijon viloyat transport boshqarmasida bo‘lib, muammoli vaziyat bo‘yicha mutasaddilardan izoh so‘radik.
«Andijon davlat universitetidan murojaatlar bo‘lyapti. Hozirgi kunda viloyatimizdagi transport korxonalarining hammasi xususiylashtirilgan. Andijon davlat universitetiga transport boshqarmasi tomonidan tadbirkorni jalb etgan holatda boshlanishiga 4 ta, undan keyin 6 taga avtobus qo‘ygandik. Avtobuslar harakati bo‘yicha moliyaviy tomondan tushum past bo‘lib, o‘zining xarajatlarini qoplamagan.
2020 yili pandemiya sabab yo‘nalishlarda transport qatnovi to‘xtatilgan. Pandemiyadan so‘ng, yana yo‘nalishga avtobus qo‘yib berish bo‘yicha murojaat kelib tushdi. Tadbirkor bilan kelishib, yana 4 ta avtobus jalb qildik. Biroq oldingidan ham ko‘ra zarari ko‘proq bo‘ldi. Shu bois tadbirkor u yo‘nalishda ishlash istagini bildirmasdan, hozirgi kunda boshqa yo‘nalishda ishlayapti.
Andijon shahrida jamoat transportining real holati haqida ma'lumot bersam. Ayni paytda 84 ta avtobus 8 ta yo‘nalishda ishlayapti. Bu judayam oz», – deydi Andijon viloyati transport boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Akmaljon Asronov.
Mutasaddi «Damas»larda yo‘l haqining qimmatligiga izoh berarkan, haydovchilar yo‘l haqini me'yoriy hujjatlarga asoslanmagan holatda oshirib olishganini, Andijon shahrida yo‘nalishli taksi, ya'ni «Damas»lar uchun yo‘l haqi 2 ming so‘m etib belgilanganini bildirdi.
Xulosa o‘rnida
Andijon shahrida jamoat transporti haqiqatda muammo. Aholi soni 500 ming nafar atrofida bo‘lgan shaharda 84 tagina avtobus harakatlanayotgani holat qanday ekanini ko‘rsatib turibdi.
Bundan 20 yil oldin, sobiq ittifoqdan qolgan jamoat transporti avtolari yangilanmay, eskirib, talabga javob bermay qolgach o‘z o‘rnini «Damas»larga bo‘shatib bergan. Shaharda bekatlar ishlamaydi. Aniq jadval bo‘yicha harakatlanadigan jamoat transporti deyarli yo‘q.
Avtobuslar o‘rnini «Damas»lar egallagan. Norasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, Andijon shahrida 6 mingtaga yaqin «Damas» yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullanadi.
Rasmiy ma'lumotlarda esa 57 ta yo‘nalishda 2815ta «Damas» yo‘lovchilarga xizmat qilayotgani ko‘rsatilgan. Ularni aholiga transport xizmati ko‘rsatuvchi uyushmalar birlashtirib turadi. Biroq yo‘nalishdagi taksi hisoblanmish «Damas»lar yo‘l kira haqini o‘zboshimchalik bilan belgilab olayotgani yo‘lovchilarda e'tiroz uyg‘otyapti. Tabiiyki, haydovchilarning ham o‘ziga yarasha sabablari bor.
Nima bo‘lganda ham, bugungi kunda shahar ichida «Damas»da yurish 3 ming so‘mni tashkil etadi va bu narxdan aholi, ayniqsa talabalar norozi bo‘lmoqda. Ularning asosiy talabi ikkita – oliygohlar yo‘nalishida avtobuslar qo‘yilishi hamda shahar ichidagi «Damas»lardagi yo‘lkira narxi nazoratga olinishi.
Masala yana yechimsiz qolib ketmaydi, degan umiddamiz.
Elmurod Ermatov,
Jahongir Mahmudov.
Mavzuga oid
16:13 / 20.12.2024
Yigirmaga yaqin bolani 1,5 ming km masofaga tashiyotgan uchta Damas ushlandi
16:54 / 19.12.2024
Andijonda Suriyadagi terrorchi guruhlarga pul yuborgan fuqaro 10 yildan ortiq muddatga qamaldi
15:16 / 18.12.2024
Andijonda er-xotin is gazidan zaharlanib, vafot etdi
10:49 / 15.12.2024