Nufuzli xalqaro tashkilotlarda mas'ul lavozimlarda ishlovchi vatandoshlarimiz talaygina. Biz Birlashgan Arab Amirliklariga safarimiz davomida dunyodagi eng yirik audit-konsalting kompaniyalaridan biri – KPMGda faoliyat olib borayotgan hamyurtimiz Muzaffar Salayev bilan suhbatlashdik.

Muzaffar Salayev ayni paytda KPMGning BAAdagi ofisi Soliq va investitsiyalar bo‘limi rahbari sifatida faoliyat olib bormoqda.

Hamyurtimiz 1997 yildan buyon soliq, audit va moliyaviy konsalting sohasidagi xalqaro kompaniyalarda ishlab kelmoqda. Nolinchi yillar boshlaridan Rossiya, Xitoy, Qatar kabi davlatlarda ham yashagan.

O‘zining hikoya qilishicha, barchasi ingliz tiliga qiziqishi va xalqaro kompaniyada ishlash istagidan boshlangan.

Talabaning xalqaro kompaniyada ishlash istagi

— 1997 yilda, Toshkentdagi Diplomatiya universitetining so‘nggi bosqichida o‘qirdim. Ingliz tilini bilishim sababli chet el kompaniyasida ishlab ko‘rish xohishi uyg‘ongan. O‘sha paytlari Toshkentda chet el firmalari ancha kam edi, ammo biz ingliz tiliga qiziqqanimiz va Diplomatiyada o‘qishimiz sabab, universitetimizga chet el kompaniyalari vakillari tez-tez kelib turishardi.

Audit yo‘nalishida jahonda to‘rtta eng yirik kompaniya bor – Deloitte, Ernst & Young, KPMG va PricewaterhouseCoopers. Shulardan biri – Deloitte vakillari o‘qishimizga kelgach, ishlab ko‘rish xohishim borligini aytganman. Nufuzli, yaxshi maosh to‘laydigan, xalqaro kompaniya ekani o‘ziga tortgan.

U paytlari ish qidirish uchun hozirgidek onlayn platformalar ham, internet ham yo‘q edi. Ishga olishlarini so‘rab, o‘zim murojaat qilganman. «Mayli, soliq bo‘limida bo‘sh o‘rin bor, ishlab ko‘r», deyishgan. Albatta, o‘sha vaqtlari soliq, audit kabilarni yaxshi bilmasdim.

«Bu sohaga kirganlarning ko‘pi 2-3 yilda ishni tashlab ketadi»

— Soliq, audit, moliyaviy konsalting sohasi oson emas, yangi ishga kirganlarning ko‘pi uzoq vaqt ishlamay, 2-3 yilda boshqa sohaga o‘tib ketishadi. Ayniqsa hozirgi yoshlarning toqati yetmaydi: ertalabdan kechgacha ishlash kerak.

Men uchun esa bu soha juda qiziq. Do‘stlarim bor, shu sohada ishlab, keyin xususiy biznes boshlashgan; albatta, ularda qulaylik ko‘proq: o‘z vaqtlarini o‘zlari nazorat qilishadi. Bizda esa soat 9dan 18gacha, ayrim paytlarda esa kechasi soat 22gacha ham ishlaymiz.