Joriy yilning 31 mart kuni Toshkentda hokim, vazir va yoshlar uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev yoshlar bilan muloqotda ular duch kelayotgan muammolarga e’tibor qaratdi.
Uchtepa tumanida yashovchi fuqaro paket ishlab chiqarish sexida ishlashini va kasbini o‘zgartirmoqchiligini, kompyuter savodxonligi va ingliz tili kurslarida o‘qish uchun imkoniyati yo‘qligini aytdi.
Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev unga hokimlik hisobidan o‘quv markazi puli to‘lab berilishini aytdi.


«Istalgan joydagi o‘quv markazini tanlang, biz o‘quv kursi pulini to‘lab beramiz. Kimda imkoniyati bo‘lmasa va o‘quv markazida o‘qishni xohlasa, to‘lab beramiz», dedi Toshkent shahar hokimi.
Shundan so‘ng, poytaxt hokimi ijtimoiy ahvol qiyinligi sabab yordam so‘rab qilingan murojaatlarga javob berdi.
Jahongir Ortiqxo‘jayev 2-guruh nogironi bo‘lgan, ishga joylashishda yordam so‘ragan fuqaroni ishga joylab qo‘yishni tegishli mutasaddiga topshirdi hamda unga ish joyidan videoxabar yuborishni tayinladi.
Uyda o‘tirib, tikuvchilik qilish uchun tikuv dastgohi olishda yordam so‘ragan qizga keyingi kun tushgacha tikuv mashinasi uyida bo‘lishini va’da qildi.

Toshkent tumanidan kelgan tadbirkorlik boshlash niyatida bo‘lgan fuqaro tuman gaz idorasi rahbarlari tomonidan sun’iy to‘siqqa uchrayotganini aytdi.
Davlat soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Mirziyod Mahkamov muammo o‘rganilishini, shaxsan o‘zi shug‘ullanishini ta’kidladi.
«Kimga murojaat qilgansiz, kim sizga shunday degan, hammasini yozib olib, tumanga borib o‘rganib, tagiga yetamiz. Shaxsan o‘zim shug‘ullanaman. Imkon doirasida ishlab chiqarishingizga yaqindan yordam beramiz», dedi Soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Mirziyod Mahkamov.
Davlat xavfsizlik xizmati xodimi bo‘lgan, oshqozon saratoni kasalligi tufayli vafot etgan insonning qizi OTMlarga kirish uchun imtiyoz berilmagani va buning sabablarini, ingliz tilini yaxshi darajada o‘zlashtirganini aytib hokimga murojaat qildi.

















